Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida 81 yoshli faxriy o‘qituvchi Xudoyberdi Mamadaliyev yosh o‘qituvchilarga kimyo fanidan dars va laboratoriya mashg‘ulotlarini qanday olib borish kerakligi bo‘yicha “Mahorat darsi” olib borgan. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar berdi.
Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan joriy yildan boshlab har bir tuman va shaharda 4 ta yo‘nalish — filologiya, aniq, tabiiy va gumanitar fanlar bo‘yicha tayanch maktablari belgilangan. Maktablarda oliy ta’lim muassasalari hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari bilan hamkorlikda ustoz-shogird an’analari yo‘lga qo‘yilgan.
Jarqo‘rg‘on tumanidagi 12-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internati kimyo fanidan tuman miqyosida tayanch muassasa sifatida belgilangan. Uzoq yillar kimyo fanidan saboq bergan Xudoyberdi bobo Mamadaliyev darsni qiziqarli o‘tish, amaliy mashg‘ulotlarni olib borish, o‘quvchilar bilan ishlash bo‘yicha 12-sonli maktab-internatda yosh o‘qituvchilar uchun mahorat darslarini olib bormoqda.
Ayni paytda tumanda 5 nafar 80 yoshdan oshgan faxriy o‘qituvchi yosh pedagoglar bilan ustoz-shogird an’analarini davom ettirishda hamkorlik qilmoqda.
Izoh (0)