24-may, payshanba kuni O‘zbekiston Adliya vazirligida blogerlar va jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Xabar.uz” ma’lum qildi.
Adliya vaziri Ruslan Davletov jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Bloger Sanjar Said ishlab chiqilayotgan va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilayotgan qonun loyihalari nega faqat rus tilida ekani haqida savol berdi:
— O‘zbekistonda qabul qilinadigan qonun loyihalari davlat tili o‘zbek tili bo‘lishiga qaramasdan, nega doimo rus tilida chop qilinadi? Aksariyat aholi bu qonun loyihalarini tushuna olmaydi. Bu qonun ijodkorligida muammo bordek tasavvur uyg‘otadi.
— Avvallari davlat tomonidan qabul qilinadigan qarorlar, hujjatlar doim rus tilida bo‘lar edi, — deya izoh berdi Ruslan Davletov. — Biz bu muammoga barham berdik. Hozirda barcha davlat hujjatlarini o‘zbek tilida topish mumkin. Endi qonun loyihasi masalasiga keladigan bo‘lsak, bu bevosita mazkur loyihani tayyorlaydigan xodimlar bilan bog‘liq. Bizda qonun loyihalarni tayyorlashga mas’ul bo‘lgan turli millatga mansub xodimlar ishlaydi. Bundan tashqari, qonun tili so‘zlashuv tilidan farq qiladi, u murakkab. Bir narsani tan olish kerak, bu holatga o‘zimiz ham yillar davomida e’tiborsiz qarab keldik va bu — bizning aybimiz. Lekin keyingi yillarda davlat tiliga ham e’tibor qaratilmoqda va kelajakda bu muammo butunlay bartaraf etiladi.
Izoh (0)