19—23-may kunlari Yevropa Ittifoqining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Kengashi ishchi guruhi delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish masalasi muhokama qilindi.
– Biz O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni bevosita ko‘rish, uni hududlar miqyosida o‘rganish va tahlil qilish maqsadida keldik, – dedi Yevropa Ittifoqining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha Kengashi ishchi guruhi rahbari Yutta Edthoffer. – Mamlakatingizda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu tashrif O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonamiz. Bu hamkorlik nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham muhim.
Uchrashuvda tomonlar xalqaro va mintaqaviy siyosatning o‘zaro manfaatli jihatlariga doir masalalar yuzasidan fikr almashdi.
– O‘zbekistonga ilk bor kelishim, – dedi Estoniya vakili Regina Palandi Padju. – Biz ishchi guruh bilan Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘ldik. Tarixiy shaharlar, betakror yurtingiz bizda katta taassurot qoldirdi. Qator vazirlik va idoralarda muzokaralar o‘tkazdik. Yurtingiz barcha sohada, ayniqsa, turizm yo‘nalishida ulkan salohiyatga ega ekaniga guvoh bo‘ldik.
Delegatsiya Iqtisodiyot, Tashqi savdo vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga ham tashrif buyurdi.
Izoh (0)