Bir yil avval Murmansk viloyati sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolar borasida prezident Vladimir Putinga shikoyat qilgan Darya Starikova saraton kasalidan vafot etdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
“Afsuski, tibbiyot hammani ham davolay olmasligi mumkin. Bu haqda bugun ertalab xabar topdim. Dashani so‘nggi manzilga munosib tarzda kuzatamiz, u Apatiti shahrida dafn qilinadi”, — dedi shahar ma’muriyati rahbari Nikolay Bova.
Uning so‘zlariga qaraganda, dafn qilish marosimi xarajatlarini “Fosagro” kompaniyasi bo‘yniga olgan. Nikolay Bova shahar ma’muriyati Dashaga doimiy yordam berib kelganini ma’lum qildi. Dashaning qiziga boquvchisini yo‘qotgani sababli pensiya tayinlandi.
Hozirda mahalliy hukumat vakillari Daryaning oilasiga yordam berish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda.
Darya Starikova Murmansk viloyatining Apatiti shahrida уashab kelgan, unda to‘rtinchi darajali saraton kasali aniqlangan. 2017-yil 15-iyunda Darya to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot vaqtida prezidentga murojaat qilgan. Uning so‘zlariga qaraganda, shifokorlar dastavval unga umurtqa orasi osteoxondrozi tashxisini qo‘ygan. Natijada davolash boshlanishi kerak bo‘lgan vaqt boy berilgan. Vladimir Putin vaziyatni o‘z nazoratiga olish va qizga yordam berishga va’da bergan.
Prezident bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotdan keyin Darya tuman shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan, u yerdan Murmanskka ko‘chirilgan. Keyinroq Darya FVV (Favqulodda vaziyatlar vazirligi) samolyotida Moskvaga kelgan. U Gersen nomidagi ilmiy tadqiqot institutida davolangan.
Bugungi kunda Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi onkologik xastaliklarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy dasturni yaratish ustida ish olib bormoqda.
Izoh (0)