Abu-Dabida Ramazon oyi davomida nochorlarga yordam berishga qaratilgan kampaniya e’lon qilindi. Bu haqda UAE Inside xabar berdi.
Muhtojlarga yordam berish maqsadida xayriya mablag‘lari to‘planadi hamda oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak sotib olinadi.
Kampaniya bu yili uchinchi bor tashkil qilinmoqda. “Xayrli ishlar daraxti” — Grace Conservations, Natham Social Responsibility va Emirates Red Crescent (Qizil yarimoy jamiyati) tomonidan tashkil qilingan qo‘shma loyiha. O‘tgan yillardagi kabi, barg ko‘rinishidagi kuponlarni sotib olgan holda 10 yoki 20 dirhamni xayriya qilish mumkin. Bu yilgi daraxt Al Wahda Mall dam olish va savdo markazida joylashtirilgan.
Tadbirning birinchi bosqichi odamlarni oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olib muhtojlarga ulashishga undashdan iborat. Ikkinchi bosqichda kiyim-kechak va mebellar bilan nochor oilalarni ta’minlash rejalashtirilgan. Grace kompaniyasi rahbari Sulton Muhammad Al-Shexining aytishicha, xayriya qilingan mablag‘ va mahsulotlarning barchasi Qizil yarimoy jamiyati tomonidan muhtojlarga taqsimlanadi.
Tadbirning uchinchi qismida odamlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri hayriya mablag‘lari topshiradi yoki 10 va 20 dirhamlik kuponlarni sotib oladi. Sotib olingan kuponlar ramziy daraxtga yopishtiriladi. Ramazon oyining oxirigacha daraxtning to‘ldirilishi rejalashtirilgan. Sulton Al-Shexining ma’lumot berishicha, o‘tgan yili 200 ming dollar mablag‘ yig‘ilgan.
Izoh (0)