O‘zbekiston haqiqiy siyosiy o‘zgarishlar va modernizatsiyaning ahamiyatini tushunib turibdi. Bu haqda Vashingtondagi milliy press-klubda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bayonot berdi, deb xabar qiladi “Gazeta.uz”.
Senator o‘z nutqini O‘zbekistondagi demokratlashtirish jarayonining ortga qaytmasligi va unda asl demokratiyaga xos fundamental prinsiplar bor-yo‘qligi masalasiga bag‘ishladi.
“O‘ylaymanki, islohotlar haqiqiy va ortga qaytmasligini ko‘rsatuvchi kamida ikkita sabab bor. Birinchisi — O‘zbekistonning joylashuvi, merosi, o‘tmishi tufayli unda mavjud tahdidlarga qarshi turish uchun asl siyosiy o‘zgarishlar va modernizatsiya zarurligi tushunilib turibdi. Bu siyosiy islom va jamiyat radikalizmiga qarshi kurashishning yagona yo‘li”, — dedi u.
Ikkinchi sabab esa, uning fikricha, respublikaning demografik o‘ziga xosliklaridan kelib chiqadi.
“O‘zbekiston aholisining 70 foizi — 30 yoshgacha bo‘lgan odamlar. Yaqinda Toshkentdagi Vestminster universiteti talabalari bilan tajriba o‘tkazib, to‘rtta javob varianti bor savol berdim: “O‘zbekiston kelajagini qanaqa ko‘rasiz? Demokratiya, sotsializm, islomizm yoki millatchilik. Bahsdan so‘ng aniqlandiki, hamma emas, lekin ko‘pchilik demokratiyani tanlar ekan. Bu yoshlar tanlovi. Ular ochiqlikni, ko‘proq erkinlikni, imkoniyatlarni xohlaydi. Hatto uchrashuvda ro‘mol o‘rab o‘tirgan qizlar ham dunyoviy demokratiya foydasiga ovoz berdi”, — dedi senator.
“Har qanday davlat saylovchilar tomonidan bo‘ladigan bosimni qabul qilishi lozim”, — qo‘shimcha qildi Safoyev.
Izoh (0)