O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida Human Rights Watch (HRW) huquq himoya qiluvchi tashkilotining O‘zbekistondagi faoliyatiga izoh berib o‘tdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
“Ochiq aytishim kerakki, biz Human Rights Watch faoliyatiga to‘sqinlik qilmayapmiz. Ularning vakili Stiv Sverdlov (HRW Markaziy Osiyo bo‘linmasi rahbari) xabar qilishicha, delegatsiya besh marta mamlakatimizga kelgan va to‘siqsiz ishlagan”, — dedi Ruslanbek Davletov.
“Vakolatxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga kelsak, bu yerda qonunchilik bilan bog‘liq masalalar bor. Oliy sud qarori hali ham kuchdaligi bois da’vo kiritishga zarurat va imkoniyat yo‘q. Lekin HRW o‘z faoliyatini to‘sqinliklarsiz olib bormoqda”, — qo‘shimcha qildi vazir.
Ayni paytda vazir Human Rights Watch vakolatxona ochish ustida ish boshlashi mumkin-mumkin emasligi borasida aniq javob ayta olmadi.
“Hozir ha yoki yo‘q deya olmayman, bu tashkilot bilan bog‘liq barcha hujjatlarni ko‘tarish kerak, shu bois javob berishga shoshilmaslik lozim”, — tushuntirdi u.
Izoh (0)