2028-yilga kelib Dehli dunyodagi eng yirik megapolisga aylanadi, bu borada u hozirgi rekordsmen — Tokioni ortda qoldirishi kutilmoqda. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
2050-yili dunyo shaharlarining aholisi soni 6,7 milliardga yetadi. Bashoratni BMT iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti ilgari surdi.
Departament ma’lumotlariga qaraganda, 10 yildan keyin poytaxt Nyu-Deli bilan hisoblaganda Dehli aholisi 37,2 million kishiga oshadi.
“Tokio dunyoning eng yirik shahri bo‘lib, 37 million aholisi bor. Keyingi o‘rinda turadigan Dehlida 29 million, Shanxayda 26 million, Mexiko va San-Pauluda 22 million kishi istiqomat qiladi. Hozirda Qohira, Mumbay, Pekin va Dakka shaharlarining har birida 20 milliondan aholi yashaydi. 2020-yilga kelib, Tokio aholisi kamayishni boshlaydi, Dehlida esa aksincha, odam soni ortib boradi. Natijada 2028-yilga kelib Dehli dunyodagi eng ko‘p sonli aholi yashaydigan shaharga aylanadi”, — deyiladi departament hisobotida.
BMT ma’lumotlariga qaraganda, ayni paytda Yer sayyorasida yashaydigan 7,6 milliard aholining 55 foizi shaharlarda istiqomat qiladi. XXI asrning ikkinchi yarmida Yer aholisi 9,8 milliardga yetadi. Bu davrga kelib, sayyora aholisining 68 foizi shaharlarda yashaydi, deb taxmin qilinmoqda.
Izoh (0)