Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp muzokaralarni ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi. Vazirlik va kompaniyalar, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, yuqori texnologiyalar, savdo-sanoat, yoqilg‘i-energetika, transport va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Savdo sohasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilinganiga qaramay, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi imkoniyat darajasida emas. 2017-yilda bu ko‘rsatkich 210 million dollardan biroz oshgan. Amerikadek rivojlangan va O‘zbekistondek rivojlanayotgan mamlakat iqtisodiyoti aslida bundan ancha ko‘prog‘iga qodir.
O‘zbekiston Prezidenti ikki tomonlama hamkorlikning shu kabi jihatlarini tahlil qilib, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni, o‘zaro manfaatli va istiqbolli tarmoqlarni ko‘rsatib o‘tdi.
O‘zbekistonda xorijiy valyutalar konvertatsiyasi ochilgani, yangi va zamonaviy investitsion muhit yaratilgani, to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyalar davlat tomonidan kafolatlanishi ta’kidlandi. Mamlakatda yuqori texnologiyali loyihalarni amalga oshirish uchun AQShning yirik kompaniyalari sarmoya va texnologiyalarini jalb qilishga kelishib olindi.
Muzokaralar so‘ngida Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevni kuzatib qo‘ydi.
Izoh (0)