Toshkent shahridagi Wyndham mehmonxonasida o‘tkazilgan seminar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayonini qayta yo‘lga qo‘yish masalasiga bag‘ishlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: JST

Tashqi savdo vazirligi, Jahon banki va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning mamlakatdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy davlat organlari, Jahon savdo tashkiloti, Tojikiston, Qozog‘iston davlatlari vakillari va OAV xodimlari ishtirok etdi.

Yaqinda O‘zbekiston hukumati oliy darajada Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonini davom ettirishga tayyorligi haqida xabar berdi. Shu munosabat bilan Tashqi savdo vazirligi huzurida JSTga kirish bo‘yicha mas’ul ishchi guruh va 7 ixtisoslashgan kichik guruh tashkil etildi. Ayni chog‘da JSTga kirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmoqda.

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga kirish uchun 1994- yilda ariza topshirgan. Bugungi kungacha JST vakillaridan iborat ishchi guruhning 3 ta sessiyasi bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, shu vaqtga qadar bu masalada aniq kelishuv amalga oshirilmagan.

Seminarda JSTga kirish bo‘yicha xalqaro, ko‘p tomonlama va ikki tomonlama muzokaralar, JST kelishuvlari bo‘yicha nizomlar, minimal majburiyatlar va imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi.