AQSh prezidenti Donald Tramp OAVni Oq uydan ma’lumotlarning sizib chiqishi bilan bog‘liq yangiliklarni bo‘rttirib yoritishda aybladi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
“Oq uydan ma’lumotlarning sizib chiqishi noto‘g‘ri xabar tarqatuvchi OAV tomonidan bo‘rttirib ko‘rsatilmoqda, ular biz haqimizda imkon qadar salbiy tasavvur yaratishmoqchi. Oq uy ma’lumotlarini tarqatuvchilar xoin va qo‘rqoqlardir, biz ular kim ekanini baribir bilib olamiz!”, – deb yozgan Tramp o‘zining Twitter sahifasida.
O‘tgan haftada OAVda prezident maslahatchisi Kelli Sedlerning saraton kasaliga chalingan senator Jon Makkeynning ustidan hazil qilgani haqida ma’lumot tarqalgan.
Ma’lum bo‘lishicha, «hazil» Jina Xaspelni Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari etib tayinlash bo‘yicha o‘tkazilgan yopiq yig‘ilishda aytilgan. Sedler, xabar berishicha, Makkeynning fikriga quloq tutish kerak emasligi, sababi u “baribir o‘layotgani”ni ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, Trampning maslahatchisi hazil qilmoqchi bo‘lgan, biroq yig‘ilishda qatnashayotganlar bunday hazilni tushunmadi. Shundan so‘ng Sedler senatorning qizi Megan Makkeynga qo‘ng‘iroq qilib, uzr so‘ragan.
Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders xodimlarini Sedlerning “hazil”i bilan bog‘liq voqeani jamoatchilikka oshkor qilinganida ayblagan.
Eslatib o‘tamiz, senator Jon Makkeynga bosh miya saratoni tashxisi qo‘yilgan.
Izoh (0)