Olmaota viloyati ichki ishlar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Nurlan Almasbekov Olmaota – Toshkent trassasida yo‘l qaroqchilari borligini tasdiqlab, 19-aprelida shaxsan o‘zi Ushkonirga borib, vaziyatni o‘rganganini qayd etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Olmaota Tadbirkorlar palatasi kengashi tomonidan Olmaota – Toshkent trassasidagi noqonuniy nazorat punktlarini bartaraf etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, kengashda palataning ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish bo‘yicha eksperti Doston To‘rakeldin “Sayran” avtovokzalining murojaatini o‘qib eshitirgan. Murojaatda joriy yilning yanvar oyidan buyon Olmaota – Jambul yo‘nalishining janubiy qatnovlarida uzilishlar yuzaga kelgani, bunga sabab qilib noma’lum shaxslar tomonidan Olmaota viloyatining Qorasoy tumanidagi “Ushkonir” avtostansiyasida avtobuslar uchun pullik turargoh tashkil qilingani ko‘rsatilgan. Ma’lum bo‘lishicha, avtobus haydovchilari qo‘rqitish va tahdid yo‘llari bilan ushbu noqonuniy turargohda to‘xtab o‘tishga majbur qilib kelingan.
12-apreldan Olmaota – Toshkent yo‘nalishida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi. Palata kengashida Ushkonirdagi holat mazkur yo‘nalishda qatnaydigan avtobus haydovchilariga ham dahl qilganini Olmaota viloyati ichki ishlar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Nurlan Almasbekov tasdiqlagan.
Uning bildirishicha, joriy yilning 19-aprelida shaxsan o‘zi Ushkonirga borib, vaziyatni o‘rgangan. Hozirda mavjud dalillar asosida jinoiy ish ochilgan bo‘lib, ishga aloqador materiallar Yettisuv transport prokuraturasi, Olmaota yo‘lovchi transporti va avtoyo‘llar, Qorasoy tuman ichki ishlar boshqarmalarida o‘rganilmoqda.
Izoh (0)