Toshkentdagi zavodlarning birida oddiy ishchilarga oylikdan tashqari ro‘zg‘ori uchun mahsulotlar ham beriladi — go‘sht, yog‘, kartoshka, piyoz, guruch, va hokazo degandek. Bu ishchi va rahbariyat o‘rtasida o‘zaro kelishib olingan maoshdan tashqari bir bonus. Kimdir aytishi mumkin: “Shunga ketadigan pulni ham o‘sha ishchining qo‘liga bergan yaxshiroq emasmi?”, deb. Menimcha, yo‘q.

Masalaning boshqa tomonida zavod rahbariyati o‘z ishchilari uchun qayg‘urayotganini ko‘rish mumkin. Aytaylik, o‘sha ishchi kimdandir qarzdor. Majburiyatdan kelib chiqib, oyligini qarz o‘rniga berib yuborsa, keyin bir oy nima qiladi? Maoshining yoniga bir oyga yetishi mumkin bo‘lgan ro‘zg‘orligi ham qo‘shib berilsa, harqalay, o‘sha oilada yegulik uchun eng kerakli mahsulotlar bo‘ladi. Bir oilaning ikki vakili shu zavodda ishlasa — ro‘zg‘or ham ancha but.

Zavod maoshi yuqori xodimlarga bunday bonus bermaydi. Aynan eng oddiy ishchida shunday imkoniyat bor (ibratli holat, lekin “hamma joyda ham shunday bo‘lishi kerak!” demoqchi emasman).

Endi, ruxsat berasiz, mavzuni yo‘l harakati va uning qoidalari tomon olib o‘taman. Men qonunlar hamma uchun teng bo‘lgan va ularning ijrosi to‘liq ta’minlanadigan mamlakatda o‘zimni xavfsiz va erkin hisoblaydigan odamman. Shundan kelib chiqib, avtomobilning maksimal tezligini soatiga 60 kilometrgacha cheklanishi yuzasidan fikrim so‘ralsa, bunga ikki qo‘limni ko‘tarib rozilik bildiraman. O‘zim haydovchi, lekin oila a’zolarim yo‘lovchi maqomida. Menga o‘z tezligimdan ko‘ra yaqinlarimning xavfsizligi muhim.

Mana shu xavfsizlikni ta’minlovchi vositalar bor. Aytaylik, poytaxt ko‘chalariga o‘rnatilgan videokameralar. Ularning soni yanada ko‘paytirish va’da qilingan, ko‘paytirish ham kerak. Chunki jazo muqarrar ekanini bilgani uchun ham haydovchi o‘pkasini bosishga majbur. Yo‘l nazoratchisining nazaridan qochish mumkin, lekin kameradan qochib ham, u bilan kelishib ham bo‘lmaydi. Qizil chiroqqa o‘tadiganlar, tezlikni me’yordan oshiradiganlar to‘lashi kerak bo‘lgan jarimalar men uchun ham juda qimmat. Ammo nolimayman. Chunki shu jarimalarni to‘lamaslik imkoni o‘z qo‘limda — qoidani buzmasam bo‘ldi. Shu bois, bunga e’tirozim yo‘q.

Lekin kamera nazorat qilolmaydigan jihatlar ham bor. Masalan, xavfsizlik kamari, mashinada bo‘lishi shart bo‘lgan o‘t o‘chirgich, tibbiyot qutichasi, nur qaytargichli kamzul yoki majburiy to‘xtaganlikni bildiruvchi yo‘l belgisi — bularning orasida keraksizi yo‘q. Yo‘l nazoratchisining ko‘zi uchun emas, mening, sizning yoki ularning xavfsizligi uchun kerak bular. Masalaga shu tomondan yondashilsa, menda ayni holatga bir qator e’tirozlar bor.

Agar davlat uchun haydovchidan tashqari, yo‘lovchining ham xavfsizligi muhim bo‘lsa, u holda xavfsizlik kamari faqatgina haydovchidan emas, uning yonida o‘tirgan yo‘lovchidan ham talab qilinishi shart. De-yure mavjud bo‘lgan, biroq de-fakto ishlamayotgan bu qoida chindan ham kuchga kirishidan kamida bir oy avval barcha OAVlarda ogohlantiruvchi (qo‘rqinchli emas, mazmunli) roliklar ketishi lozim. Xuddi Soliq qo‘mitasi “Soliqlarni vaqtida to‘lang!” deb fevraldan boshlaboq hamma kanallardan jar solishi, hatto telefonlarimizga-da SMSlar yuborib ogohlantirishi kabi.

Endi — mashina yukxonasida bo‘lishi shart anjomlar haqida. Masalan, sizda tibbiyot qutichasi yo‘q bo‘lsa, eng kam ish haqining yarim barobari miqdorida jarima to‘laysiz. Yuqorida zavod ishchilari haqida bejiz to‘xtalmadim. Deylik, siz juda uzoq vaqtdan beri davom etayotgan “hozircha” sabab ortiqcha xarajat qilolmaydigan (yoki xavfsizligingiz o‘zingizga kerak bo‘lmagan) bir haydovchisiz. “Aptechka” sabab “qo‘lga tushdingiz”, jarima to‘ladingiz va endi pulingiz umuman qolmadi. Demak, ertaga ham, indinga ham, uning ertasiga ham tibbiyot qutichasi sotib ololmaysiz va, albatta, yo‘l nazoratchisining ko‘zidan qochishga harakat qilib yurasiz.

Agar davlat uchun jarimalardan tushadigan pullarni yig‘ish emas, balki haqiqatan ham mening, sizning va ularning xavfsizligi ta’minlanishi asosiy maqsad bo‘lsa, u holda, tibbiyot qutichasi yo‘qligi uchun to‘langan jarima yoniga qoidabuzar haydovchiga tibbiyot qutichasi berilishi mantiqli bir ishdir (yo‘qligi jarimaga sabab bo‘ladigan boshqa anjomlar haqida ham shu gap; bunda gap yuqori tezlik, qizil chiroqqa o‘tganlik yoki shunga o‘xshash holatlar uchun to‘langan jarimalar haqida ketmayapti).

Xavfsizligimiz uchun to‘layotgan pulimizga amalda ish bermaydigan xulosani emas, aynan o‘sha xavfsizlikni ta’minlashga yordam beradigan vositalarni sotib olishga majbur bo‘lganimiz yaxshi, menimcha. “O‘zbekistonda barcha haydovchilar xavfsizlik qoidalariga rioya etadi”, degan tasavvur asosli bo‘lgani ma’qul. Jarimalar kamida oramizdagi qoidabuzarlarni jilovlab turish uchun ham kerak. Shunchaki, men shu jarimalar beiz ketishini xohlamayman.