Hindistondagi Jal-Mahal saroyining katta qismi sun’iy ko‘l ostida yashiringan. Afsonaga ko‘ra, suv ombori qurish va xalqni qurg‘oqchilikdan qutqarish maqsadida saroy suv ostida qoldirilgan, deb yozadi TravelAsk.
Rajastan shtatidagi Amer shahrida joylashgan Jal-Mahal yoki Suv saroyi XVIII asrning ikkinchi yarmida Savay Madho Singx II tomonidan qurdirilgan va yozgi qarorgoh sifatida foydalanilgan. Afsonaga ko‘ra, bu ajoyib saroy qurilganidan so‘ng Hindistonda dahshatli qurg‘oqchilik yuz bergan. Shundan so‘ng maharoja daryoga tog‘on qurishga va sun’iy ko‘l yaratishga qaror qilgan. Suv ombori to‘lganidan so‘ng saroyning to‘rt qavati suv ostida qolgan. Bugungi kunda saroyning yuqori qismigina ko‘rinadi.
Aslida esa saroy joylashgan Man Sagar suv ombori Jal-Mahaldan ancha avval qurilgan. XVI asrning oxirida Hindistonda haqiqatdan ham dahshatli qurg‘oqchilik yuz bergan hamda hosilsizlik va ocharchilik kelib chiqqan. Shundan so‘ng Dabavati daryosida 1610-yilda Man Sagar sun’iy ko‘li hosil qilingan.
Saroy esa Man Sagar mavjud bo‘lgan vaqtda qurilgan. Saroy shunday loyihalashtirilganki, uning pastki qismi suv ostida qolishi kerak bo‘lgan. Qurilish vaqtida suv omborining suvi chiqarib yuborilgan. Dastlabki to‘rt qavati suv o‘tkazmaydigan tosh bloklaridan qurilgan, saroyning tom qismida esa ochiq ayvon joylashgan.
Bugungi kunda Jal-Mahal Rajastan shtatidagi sayyohlar tomonidan borib ko‘riladigan asosiy yodgorliklardan biri hisoblanadi.
Izoh (0)