Surxondaryoning Sherobod tumanida o‘z uyida ko‘knori yetishtirayotgan 80 yoshli onaxon aniqlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Sherobod tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari tezkor tadbir chog‘ida Qorabog‘ mahallasida yashovchi sakson yoshdagi Bibixol momo Hayratovaning hovlisida 751 tup ko‘knori parvarishlanayotganiga duch kelib qoldi.
Tuman markazidan olis, tog‘li qishloqda yetishtirilayotgan giyohvand modda o‘simligi xolislar ishtirokida hujjatlashtirildi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda ushbu holat yuzasidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Oldinroq viloyat IIB xodimlari Denov tumanida tadbir o‘tkazganida Feruz ko‘chasida yashovchi 62 yoshdagi Tolmas Qaytmasovning (ism-shariflar o‘zgartirilgan) tomarqasida 71 tup marixuana yetishtirilayotganini aniqlab, tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)