Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 209-sonli umumta’lim maktabida qahramon Bahrom Jo‘rayevning byusti o‘rnatildi. Bu haqda Mudofaa vazirligining matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Bahrom Jo‘rayev 1979-yil 21-noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida (hozirda Qurolli kuchlar akademiyasi) tahsil olgan. Bir necha yil sharqiy harbiy okrugda xizmat qilgan.
– Do‘stim Bahromjon bilan oliy harbiy ta’lim muasasasida birga o‘qiganmiz. U guruhimizning faxri edi, bugun esa xalqimizning iftixoriga, qahramoniga aylandi, – deydi podpolkovnik Sarvar Mamayusupov. – U sodda, mard hamda do‘sti uchun jonidan kechadigan yigit edi. Buni amalda isbot ham etdi. 13-may kuni Andijon shahridagi Cho‘lpon prospektida qurollangan jinoyatchilar to‘dasi to‘satdan paydo bo‘ldi. Qora niyatli kimsalar garovga olgan odamlarni o‘ziga pana qilgan holda turli tomonga o‘q otib, harbiy xizmatchilarga yaqinlashib kela boshladi. Kapitan Bahrom Jo‘rayev vaziyatni darhol anglab, o‘z hayoti xavf ostida qolishi mumkinligiga qaramasdan, jinoyatchilarga qarshi tik bordi va ulardan qurollarini topshirishni va garovga olinganlarni qo‘yib yuborishni qat’iy talab qildi. Bu talablarga javoban jinoyatchilar ayovsiz o‘t ochishdi va kapitanni yarador qilishdi. Yarador bo‘lishiga qaramay komandir bo‘linmani boshqarishda davom etdi. O‘z komandirining jasoratidan ruhlangan shaxsiy tarkibning dadil harakatlari tufayli jinoyatchilar ko‘p talofat ko‘rdi hamda qurolsizlantirildi. Garovga olinganlar ozod qilindi. Biroq kapitan Bahrom Jo‘rayevning olgan jarohati og‘ir edi...
Kapitan Jo‘rayev Prezidentning 2005-yil 23-maydagi Farmoniga muvofiq II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.
Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari tomonidan kapitanning otasi Ulug‘bek Jo‘rayevga bir martalik pul mukofoti hamda sovg‘alar topshirildi.
Izoh (0)