Tezkor-tergov harakatlari natijasida sodir etilgan o‘g‘irlik jinoyati fosh etilib, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar qoplandi, deb xabar berdi “Daryo”ga Toshkent viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi.
Qayd etilishicha, 4-may kuni Oqqo‘rg‘on tuman IIBga shu tumanda yashovchi, 1995-yilda tug‘ilgan M. Isoqulov ariza bilan murojaat qilib, 2-maydan 3-mayga o‘tar kechasi noma’lum shaxs Oqqo‘rg‘on tuman, Alisher Navoiy fermerlar uyushmasida joylashgan “Pokiza M” fermer xo‘jaligi dala maydonida bog‘liq turgan umumiy narxi 12 million so‘mlik 3 bosh qora molni o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringanini ma’lum qilgan.
Holat yuzasidan Oqqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan 4-may kuni JKning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergovga kirishilgan.
Olib borilgan tezkor-tergov harakatlari natijasida ushbu jinoyatni Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi 1991-yilda tug‘ilgan J. Jurabayev va Oqqo‘rg‘on shahrida yashovchi 1997-yilda tug‘ilgan M. Nazirovlar sodir etgani Oqqo‘rg‘on tuman IIB xodimlari tomonidan aniqlanib, ushlanganlar. O‘g‘irlangan 3 bosh qoramol ashyoviy dalil tariqasida olinib, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar o‘rni qoplangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)