Samarqand viloyati va shahar hokimligi, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari urush faxriysi Abdulla Karimov xonadoniga tashrif buyurib, Prezident sovg‘asi va tabrik xatini tantanali ravishda topshirdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Samarqand shahar hokimi F. Rahimov Abdulla boboning qo‘liga davlat rahbarining tuhfasi — oltin soatni taqib qo‘yib, tabrik xatini o‘qib berdi.
Tabrikdagi “Dunyoni fashizm balosidan asrab qolishga, bugungi yorug‘ kunlarimizni ta’minlashga hissa qo‘shgan Sizdek mard va qahramon yurtdoshimizga butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman” degan so‘zlar Abdulla boboni to‘lqinlantirib yubordi.
Samarqand harbiy garnizoni orkestri tomonidan harbiy kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. O‘quvchi-yoshlar otaxonni bayram bilan tabrikladi.
“Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, Prezidentning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, joriy yilda samarqandlik 97 nafar urush qatnashchisiga 5 million so‘mdan pul mukofoti va davlat rahbari sovg‘alari topshirilmoqda. Viloyat, tuman, shahar hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ham urush va mehnat faxriylariga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Izoh (0)