Shved akademiyasi o‘zining oxirgi majlisida adabiyot bo‘yicha 2018-yilgi Nobel mukofotini 2019-yili berishini ma’lum qildi. Bu haqda akademiya press-reliziga tayanib,“TASS” xabar berdi.
Akademiya 2018-yilgi Nobel mukofoti sovrindori 2019-yil g‘olibi bilan birgalikda e’lon qilinishini ma’lum qildi. Shu vaqtga qadar akademiya 7 marta – 1915, 1919, 1925, 1926, 1927, 1936 va 1949-yillarda hech kim mukofotga loyiq topilmaganini e‘lon qilgan.
Bu yilgi qarorini akademiya o‘z a’zolari sonining qisqargani va butun dunyoda unga nisbatan bo‘lgan ishonchning susaygani bilan izohlagan.
“Nomzodni aniqlash ishlari odatdagidek yil mobaynida olib boriladi, biroq akademiya keyingi sovrindorni e’lon qilishiga qadar o‘z kuchlarini tiklashi, faol a’zolarni ko‘paytirishi va yana jamoatchilikning ishonchini qozonishi uchun biroz vaqt kerak”, — deyiladi muassasaning press-relizida.
Qoidalarga asosan akademiyaga yangi a’zolar qabul qilish uchun 12 kishining ovoz berishi talab etiladi. Nobel mukofotini berish uchun esa 8 kishi ovoz beradi va ko‘pchilik ma’qullagan nomzod sovrindor deb topiladi. G‘oliblar nomini oldindan oshkor qilish bilan bog‘liq janjaldan keyin akademiyada adabiyotshunoslardan 11 ta a’zo qolgan.
Izoh (0)