Andijonga Qirg‘izistonning O‘sh viloyatidan pedagog hamda o‘quvchilardan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘zbekistondagi ta’lim jarayonlari bilan tanishish, ta’lim sohasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashrif buyurgan O‘sh viloyati Qorasuv tumanidagi 80-o‘rta ta’lim maktabining bir guruh o‘qituvchi va o‘quvchilari Andijon shahridagi 30-umumta’lim maktabida bo‘lib, maktabda ta’lim-tarbiya borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar, dars jarayonlarini bevosita kuzatdi. Mehmonlar mazkur bilim dargohida ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish borasidagi ishlarga yuqori baho berdi.
“Ushbu maktabda o‘quvchilarning bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlar, umuman, O‘zbekistonda ta’lim tizimiga ko‘rsatilayotgan e’tibor juda yuqori ekanligiga guvoh bo‘ldim, — deydi maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Maqsudaxon Hasanova. — O‘zbekistonlik o‘quvchilarning faol va bilimdonligi, fanlarni yaxshi o‘zlashtirgani, shubhasiz, ana shu e’tiborning samarasidir”.
Ikki qo‘shni davlat maktab jamoalari uchrashuvida o‘quvchilarning qo‘l buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, basketbol va voleybol bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi.
Jamoalar kelgusida hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan kelishib oldi.
Izoh (0)