27-aprel kuni O‘zbekiston Advokatlar palatasida Adliya vazirligi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida “O‘zbekiston Respublikasining rivojlanishining beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda advokaturaning roli” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga Advokatlar palatasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan advokatlar, Adliya vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Toshkent davlat yuridik universiteti, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Advokatlar palatasi rahbari Sadikov Shuhrat Shavkatovich tadbirni ochar ekan, uning ishtirokchilarini ochiq muloqotga chorlab, tadbirni konstruktiv suhbatlar tarzida o‘tishiga umid bildirdi.
Ushbu tadbirda so‘zga chiqqanlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning qonunchilik tashabbusiga asosan Jinoyat-protsessual kodeksining 87-moddasiga advokatning surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan ish materiallariga qo‘shib qo‘yilishi, tekshirilishi va baho berilishi shart bo‘lgan dalillarni to‘plash va taqdim etish huquqi bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilganini, advokatura instituti sud-huquq sohasini isloh qilishda muhim o‘rin tutishligi, xususan advokatura ham fuqarolar ham tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini ishonchli himoyasini ta’minlashda bevosita ishtirok etishligi, advokaturani institutsional rivojlantirishda yangi zamonaviy innovatsion mexanizmlarni joriy etish, advokaturani rivojlantirishda to‘sqinliklarni yengib o‘tish yuzasidan zamonaviy takliflar berish, xorijiy investorlarni mamlakatimizga jalb qilishda advokaturaning rolini va investorlarni huquqlarini himoya qilish masalalari to‘g‘risida fikr mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda advokatlarining “pro bono”, ya’ni aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish tajribasini barcha hududlarda keng targ‘ib etish va qo‘llash zarurligi, hamda hozirgi paytda mahalla qo‘mitalarida turli huquqiy masalalarni yechishda og‘zaki maslahat va tavsiyalar, huquqiy hujjatlarni tuzish bo‘yicha bepul yuridik yordam ko‘rsatilayotgani seminarda alohida ta’kidlab o‘tildi.
Izoh (0)