Farg‘ona tumanidagi 25-bolalar musiqa va san’at maktabi eshigiga qulf osilgan, negaki cho‘kish va o‘pirilish natijasida binoga jiddiy shikast yetgan, deb yozadi O‘zA.
Viloyatning chekka hududi Avval qishlog‘ida 2013-yilda barpo etilgan mazkur bolalar musiqa va san’at maktabi binosi loyihasi “Farg‘onakommunalfuqaroqurilish” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan va qurilish ishlariga 2 milliard 300 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan. Bunyodkorlik ishlarini “Chin-A” xususiy firmasi quruvchilari amalga oshirgan. Albatta, ko‘rkam va zamonaviy bu binoga barcha havas bilan qaragan edi. Afsuski, bu havas va quvonch uzoqqa cho‘zilmadi. Ko‘p o‘tmay yangi binoda yoriqlar paydo bo‘lib, bino cho‘ka boshladi. Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘ldi? Maktab hududidagi yer osti suvlarining gidrogeologik harakati natijasida asos gruntida o‘pirilishlar vujudga kelgan. Shuningdek, sochsimon yoriqlar musiqa zalining bo‘ylama va ko‘ndalang devorlari kesishgan joylarida ham vujudga kelgan. Viloyat davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasining 2017-yil 13-iyuldagi mazkur maktab binosining texnik holati bo‘yicha xulosasida shunday deyiladi: “Avval qishlog‘i hududida tiklangan 25-musiqa maktabi atrofidagi asos gruntining yer osti buloqlari suvining to‘planishi natijasida o‘pirilishi tabiiy ofat sifatida qaralishi lozim”.
Yer osti suvlari harakatini binoga zararsiz holatga keltirish uchun ochiq drenaj quvuri qazilishi va boshqa konstruktiv tadbirlar amalga oshirilishi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tavsiyalar berilgan bo‘lib, ayni paytda binodan foydalanilayotgani yo‘q.
Mazkur maktab o‘quvchilari dars mashg‘ulotlarini qishloqdagi transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining yotoqxonasi binosida vaqtincha o‘tamoqda. Bu yerga yaqinda Nilufar Boltaboyeva yangi rahbar etib tayinlangan. Uning ta’kidlashicha, 200 ga yaqin bola o‘n yo‘nalishda musiqa va san’at sirlarini o‘rganmoqda. O‘quvchilar orasida iste’dodli yoshlar ko‘p.
Yangi san’at maskanining bunday holatga tushgani barchaning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Maktab ma’muriyati mazkur masala bo‘yicha bir qator idoralarga murojaat qilgan. Ammo ulardan hali-hamon amaliy javob yo‘q.
Mazkur bolalar musiqa va san’at maskanining keyingi taqdiri nima bo‘ladi? Davlatning milliardlab sarflangan puli evaziga qad ko‘targan maskan shunday holda cho‘kib yotaveradimi? Nashr bu borada mutasaddilardan javob kutib qolishini ma’lum qiladi.
Izoh (0)