Samarqand viloyati hokimligida bir guruh nuroniy va mehnat faxriylariga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’sis etilgan mazkur nishon bilan iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalarda ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi yurtdoshlarimiz, shuningdek, ishlamasdan, hayotini oilalar mustahkamligini saqlash, yoshlarni jamiyat oldida mas’uliyat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga bag‘ishlab, jamiyatimizda hurmat qozongan onalar taqdirlanadi.
Bu yil ilk bor berilayotgan ushbu nishonga Samarqand viloyatidan 70 nafar faxriy munosib ko‘rildi.
“Ushbu nishon yurtimizda faxriylarga bo‘lgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin ifodasidir, — deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, III darajali ‘Mehnat faxriysi’ nishoni sohibi Xudoyberdi Komilov. — Prezidentimizning bu e’tibori biz faxriylarni vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib, yoshlarga ibrat bo‘lib yashashga, yurtimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarda faol ishtirok etishga undaydi. Avvalo, o‘z oilamiz, mahallamiz hayoti, turmush tarzi bilan boshqalarga ibrat bo‘lib, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, yoshlarni turli yot g‘oya va illatlardan asrash, navqiron avlodni yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga butun kuch-g‘ayratimizni bag‘ishlaymiz”.
Izoh (0)