O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara boshqarmalari ularning rahbariyati tomonidan erishilgan kelishuv doirasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat xavfsizligi xizmati Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
“Bu vaziyatning o‘zgarishiga tezkor javob qaytarish, chegaralarni ishonchli qo‘riqlash, uning buzilishi haqida ogohlantirish va oldini olishga qaratilgan”, — deya ta’kidlaydi boshqarma matbuot xizmati.
17-aprel kuni 10:40 da O‘zbekistonning Pungan yo‘nalishi bo‘yicha chegara vakili noma’lum shaxs Qirg‘izistonning Buloqboshi qishlog‘i yaqinidagi ro‘yxatga olinmagan chegara uchastkasi yaqinida qoramol boqayotganligi haqida qirg‘izistonlik hamkasbini ogohlantirdi. Chegarachi bu amaldagi kelishuvlarni buzish ekanligini ma’lum qilib, chora ko‘rishni so‘radi. 15 daqiqadan so‘ng Qirg‘iziston chegara naryadi cho‘ponni mamlakatning ichkari hududiga kuzatib qo‘ydi.
18-aprel kuni 07:55 da O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati Quvasoy tumanining chegara qismidagi naryad chegarani yuk bilan buzib o‘tuvchilarni ta’qib qildi. Qoidabuzarlar yukni tashlab (160 kilogramm rangli metall), Qirg‘iziston hududiga yashirindi.
O‘zbekistonning Quvasoy yo‘nalishidagi chegara vakili Qirg‘izistonning Aydarken yo‘nalishidagi chegara xizmati vakilini zudlik bilan bu haqda ogohlantirdi va qoidabuzarlarni qo‘lga olish bo‘yicha chora ko‘rishni so‘radi. Natijada qirg‘iz harbiy xizmatchilari tomonidan chegara qoidabuzarlarini qidirish boshlab yuborildi.
Izoh (0)