Bugun, 20-aprel kuni Samarqandda yangi futbol mavsumining ochilish marosimi o‘tkaziladi. Viloyatning bosh jamoasi “Dinamo” kunning o‘zida ikkita uchrashuvda ishtirok etadi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qilgan.

Foto: “Dinamo”

Uchrashuvdan oldin esa stadionda soat 17:00 dan boshlab, o‘zbek futbolida “an’ana”ga aylanib borayotgan musiqiy konsert dasturi bo‘lib o‘tadi. Unda xonanda va estrada qo‘shiqchilari muxlislarni o‘z chiqishlari bilan xursand etishga harakat qiladi.

Avvaliga jamoa soat 18:00 da Tojikistonning “Xo‘jand” klubi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Bu o‘yin Samarqand va Tojikistonning So‘g‘d viloyati hokimiyatlarining hamkorligi va o‘zaro kelishuvi asosida tashkil qilinadi.

Ushbu o‘yin yakuniga yetgach esa soat 20:00 da “Dinamo” Pro-Liga 3-turi doirasida Muborakning “Mash’al” klubiga qarshi to‘p suradi.

“Tribuna”ning yozishicha, mazkur o‘rtoqlik o‘yini sabab Tojikiston futbol federatsiyasi milliy chempionat doirasidagi “Xo‘jand” va “Ko‘ktosh” jamoalari uchrashuvini boshqa muddatga qoldirgan. Natijada 21-aprel kuni o‘tkazilishi lozim bo‘lgan uchrashuv kechroq muddatda o‘tkaziladi.

Xo‘sh, o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Nima sababdan PFL “Dinamo”ning o‘yinini boshqa muddatga ko‘chirmadi? Klub bu borada PFLga xat bilan murojaat qilmadimi?

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida PFLga murojaat qildik.

Pro-Liga 3-turidan joy olgan “Mash’al”ga qarshi uchrashuvni surishni so‘rab, “Dinamo” futbol klubi emas, Samarqand viloyati hokimiyatidan xat kelib tushdi. Taqvim shundoq ham zich ekanligidan kelib chiqib, qolaversa rasmiy o‘yinning ahamiyati o‘rtoqlik o‘yinidan ustun turishini inobatga olib, PFL “Mash’al”ga qarshi uchrashuvni qoldirmaslik borasida qaror chiqardi hamda hokimiyatga javob xatini yubordi. “Dinamo” esa istalgan bo‘sh kunda o‘rtoqlik o‘yinini tashkil qilishi mumkin edi. O‘FA hamda PFL Tojikiston bilan munosabatlar iliqlashib borayotganini qadrlaydi. Yaqinda MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov Dushanbeda bo‘lib, Tojikiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda futbol federatsiyasi rahbariyati bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib qaytdi. Kelgusida ikki mamlakat futbol jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlar, albatta, ko‘payadi. Biroq har qanday holatda ham rasmiy uchrashuvlar birinchi o‘rinda bo‘lib, o‘rtoqlik o‘yinlari shunga qarab tuzilishi kerak.

PFL ma’muriyati

Ma’lumki, joriy yilning 1-mart sanasida Samarqand viloyati va Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati o‘rtasidagi “Jartepa” va “Sarazm” avtomobil o‘tkazish punktlari qaytadan ochilib, ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev va So‘g‘d viloyati hokimi Rajabboy Ahmadzoda qatnashgandi. Hokimlar o‘sha uchrashuvda ikki davlat viloyatlarining har jabhada hamkorlik qilishiga kelishib olgan. Bu vaqtda esa Pro-Liga taqvimi hali qaytadan tuzilmagan edi. Ma’lumot uchun Pro-Liga formati o‘zgartirilib, 27-mart sanasida yangi mavsumga qayta qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Xo‘sh, PFLning qarori qanchalik to‘g‘ri? Masalaga O‘zbekiston hamda qo‘shni Tojikiston davlati do‘stligi, hamkorligi jihatdan yondashiladigan bo‘lsa, PFL Samarqand hokimligi iltimosini qondirib, “Dinamo”ning “Mash’al”ga qarshi o‘yinini qoldirishi mumkin edi. Zero, bu orqali So‘g‘d viloyatidan keladigan futbolchilar hamda muxlislar uchun bir muncha qulaylik yaratilgan bo‘lardi. Shu o‘rinda yana savol paydo bo‘ladi. Samarqand viloyati hokimligi mazkur uchrashuvni tashkil qilishdan avval Pro-Liga taqvimidan xabardormidi?

Bu borada aniqlik kiritish uchun “Dinamo” matbuot xizmatiga murojaat qildik.

Mart oyi avvalida Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev va So‘g‘d viloyati hokimi Rajabboy Ahmadzoda o‘zaro uchrashuvda viloyat jamolarining o‘rtoqlik o‘yini borasida kelishuvga erishishgan. Shu kelishuv doirasida “Dinamo”ning 20-aprel kuni “Xo‘jand” jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishi belgilangan edi. O‘rtoqlik o‘yini Pro-Liga o‘yiniga to‘g‘ri kelib qolganligi sabab, PFLga uchrashuv muddatini o‘zgartirish borasida murojaat qilindi. Ammo PFL reglamentga ko‘ra, o‘yin o‘z muddatida o‘tkazilishi kerak degan javobni berdi. Bu norasmiy o‘roqlik o‘yini bo‘lganligi sabab, uchrashuv 18:00 ga, muxlislar uchun qulay vaqtga ko‘chirildi. Stadionda barcha sharoitlar muhayyo qilingan. “Dinamo” ushbu uchrashuvga aralash tarkibni tashlaydi. O‘rtoqlik o‘yini ikki xalq hamkorligi, do‘stligi belgisi sifatida tashkil etilmoqda.

“Dinamo” matbuot xizmati

Avvalroq O‘FA va PFL kelishgan holda Superliga o‘yinlarini Ramazon oyida iftorlik hamda taroveh namozlari vaqtiga moslashtirishi ma’lum qilingandi. Shuningdek, Rossiyada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon Chempionati vaqtida ham Superliga o‘yinlari vaqtincha to‘xtatib turilishi aniq bo‘lib ulgurdi. Bu qarorlarning muxlislar talabidan kelib chiqib, qabul qilinayotgani quvonarli.

Shuningdek, o‘yinga 1 yoki 2 kun qolganda emas, salkam bir oy muddat avvaldan e’lon qilinayotgani ham muxlislarning noqulay holatga tushishini oldini oladi. Ammo shu o‘rinda taqvim baribir o‘zgarishlarga uchramoqda. Buni tabiiy qabul qilish lozim. Zero, Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida ham ma’lum sabablarga ko‘ra (yevrokubok o‘yinlari sabab, kubok o‘yinlari sabab) o‘yinlar muddati o‘zgaradi. Ammo o‘rtoqlik uchrashuvi sabab, milliy chempionatdagi o‘yinlar vaqti o‘zgartirilgani kuzatilmagan.

Shunday ekan PFLning taqvimni o‘zgartirmaslikka qaror qilganini xato deb bo‘lmaydi.

Muallif:Asror Abdunazarov