Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Bitimlarni notarial tasdiqlash tartibini idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 27-fevraldagi qarorga qo‘shimchalar kiritildi, deb yozadi Norma.

Foto: Norma

Davlat notarial idoralari notariuslari tomonidan idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda ko‘chmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini tasdiqlash Toshkent shahrida 2017-yil 1-iyuldan boshlab amalga oshirilmoqda, butun respublika bo‘ylab esa joriy yilning 1-iyulidan boshlanadi.

Poytaxtda soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiya bo‘yicha qarzdorlik yo‘qligi bo‘yicha tekshiruv avtomatik tarzda amalga oshirilmoqda. Ya’ni ushbu ma’lumotlarni fuqarolar tomonidan qog‘oz ko‘rinishida yig‘ish amaliyotiga chek qo‘yildi. Buning o‘rniga esa ushbu ma’lumotlarni notariuslar idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali aniq vaqt rejimida mustaqil oladi.

Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida (Toshkent shahri bundan mustasno) idoralararo elektron tarzda hamkorlik qilish tizimi orqali qarzdorlikni aniqlash elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha 2019-yil 1-yanvardan, issiqlik ta’minoti, suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarish xizmatlari bo‘yicha 2021-yil 1-yanvardan boshlab amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublika viloyatlarida ham shu sanadan idoralararo elektron tarzda hamkorlik qilish tizimi orqali qarzdorlik haqidagi ma’lumotlarni yuborish ta’minlanadi.