11-aprel kuni jinoiy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar sudida Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov, Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayev ishi bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

Oldingi majlisda rais sudya Zafar Nurmatov Bobomurod Abdullayevni himoya qilayotgan advokat Sergey Mayorovning iltimosini qondirib, Abdullayev ishini olib borgan sobiq MXX (hozir DXX) tergovchilarini ko‘rsatma berish uchun chaqirdi.

Bundan oldin so‘roq uchun “Jamiyat” gazetasidan guvoh Qahramon Saydaliyev chaqirilgan edi. U MXX tezkor xodimi Timur Yakubovning murojaatiga ko‘ra internetdan “Usmon Haqnazarov” maqolalarini topishga yordam bergan edi.

Guvohning so‘zlariga qaraganda, ular MXX tergovchilari va ikki xolis bilan birga internet-kafega borib, maxsus brauzer orqali bloklangan maqolalarni “O‘zbekiston xalq harakati” saytida ochgan. “Usmon Haqnazarov” bo‘limida uning imzosi ostida 2013–2017-yillar orasida yuzdan ortiq maqola chop etilgan. Ular Word dasturiga ko‘chirilib, printerdan chiqarilgan. Ish jami 5–6 soat vaqt olgan.

Shundan so‘ng sud davlat ayblovchisining yopiq rejimda so‘roq o‘tkazish iltimosini qondirdi. Ayblovchi MXX xodimlari o‘z faoliyatini konspiratsiya prinsipi asosida olib borishini bunga sabab qilib ko‘rsatdi. Advokat Sergey Mayorov bu talabga qarshi chiqib, surishtiruv olib borgan guvohni so‘roq qilish uchun yopiq rejimda sud yig‘ilishi o‘tkazilishi borasida qonun yo‘qligini ta’kidladi. Shunga qaramay, sud davlat ayblovchisining talabini bajardi, ishtirokchilar sud zalini tark etdi.

Besh soatlik eshituvlardan so‘ng soat 22:00 atrofida advokatlar sud binosidan chiqdi. “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida Sergey Mayorov sud talabiga binoan ko‘rsatma bergan shaxslarning ism-familiyasini oshkor eta olmasligini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, so‘roq qilinganlarning ko‘rsatmalari Abdullayevning ko‘rsatmalariga zid keladi. “Biz Bobomurod bilan soxtalashtirilgan yoki haqiqiy emas deb hisoblayotgan barcha hujjatlar ular to‘laqonli va haqiqiy deb tan oldi”, — dedi Mayorov.

Uning so‘zlariga qaraganda, tergovchilar hujjatlarni tayyorlashning shu yo‘li qulayligini bildirgan. “Aytaylik, ko‘rik bayonnomasi: unda 142 modda nomlari yoziladi, lekin xolislar va taklif qilingan mutaxassis ismlari qo‘l bilan yoziladi. Tushunarliki, bayonnoma dastlab tayyorlanadi, so‘ng xolis imzo qo‘yadi. Ya’ni u qarshimda o‘tiradi, men bayonnoma tayyorlayman, lekin men kompyuterda uning ismini va manzilini yozmayman, bayonnomani chiqarganimdan so‘ng esa sana, vaqt va uning ma’lumotlarini yozaman. Tergovchilar buni normal holat hisoblamoqda, men esa buni falsifikatsiya deb hisoblayman”, — dedi himoyachi.

Advokatning bildirishicha, biror prinsipial yangi ko‘rsatma berilmagan. Uning hikoya qilishicha, tergovchilar sudlanuvchilar rasman 29-sentabrda ushlangani, ammo tushuntirish xatlari 27-sentabrga oidligini quyidagicha tushuntirgan: “Bari juda oddiy. Ularni taklif qilishgan, ular o‘z ixtiyorlari bilan kelgan, o‘z ixtiyorlari bilan barcha ko‘rsatmalarni bergan va shundan so‘ng bemalol uylariga ketgan. 29-sanada esa ularni qo‘lga olishgan. Barcha guvohlar bir narsani takrorlayapti”, — dedi Mayorov.

Ma’lum bo‘lishicha, tergovchilar bosh ashyoviy dalil bo‘lmish “O‘rim” loyihasi materiallari solingan fleshka ishda ko‘rsatilmagan: “U DXXda saqlanmoqda. Bu fleshkani olib kelishga va’da berishdi”.

“Charos Abdullayevaning ko‘rsatmalariga kelsak, tergovchilarning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zi kelgan, tushuntirish bergan, buning asosida Bobomurod Abdullayev taklif qilingan. U kelganida o‘zi haqida hammasini aytib bergan: ‘Usmon Haqnazarov’ ekanini, maqolalarni to‘ntarish uchun yozganini, ‘O‘rim’ haqida... Shunga qaramay, u ushlanmagan, qo‘yib yuborilgan. 29-sentabrda esa qo‘lga olingan”, — tushuntirdi advokat.

Tergovchilarning ko‘rsatmalariga binoan, boshqa sudlanuvchilar — Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorovlar bilan ham xuddi shu voqealar takrorlangan.

Sergey Mayorovning qayd qilishicha, tergovchilar himoyaning barcha savollariga tayyor bo‘lgan. Keyingi majlisda Charos Abdullayevaning DXX binosiga kelishi aks etgan videokamera yozuvlari taqdim etilishi kutilmoqda.

Shavkat Olloyorovning advokati Dilshod Jabborovning aytishicha, so‘roq davomida tergov tadbirlari o‘tkazishda yo‘l qo‘yilgan xatolar ma’lum bo‘lgan. “Jinoiy ish materiallaridagi barcha ishlar ko‘chirilgan nusxa bo‘lib chiqdi. Originallar DXXda saqlanmoqda. Ularning ko‘rsatmalarida ziddiyatlar yo‘q edi”, — dedi u.

Keyingi yig‘ilish 16-aprel kuni ochiq shaklda o‘tadi.