Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan 2018-yilning yanvar – marti uchun yalpi ichki mahsulotni (keyingi o‘rinlarda YaIM) dastlabki baholash amalga oshirildi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Statistika qo‘mitasi axborot xizmati

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-yilning yanvar – martida O‘zbekiston Respublikasi YaIM hajmi joriy narxlarda 64 958,0 milliard so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 5,1 foizga o‘sdi. YaIM deflyatori indeksi 2017-yilning yanvar – martidagi narxlarga nisbatan 137,4 foizni tashkil etdi.

Aholi jon boshiga hisoblangan YaIM 1 986 ming so‘mni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,3 foizga yuqoridir.

2018-yilning yanvar – martida iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha YaIM ni ishlab chiqarish quyidagi ma’lumotlar bilan ifodalanadi:

Iqtisodiy o‘sish sur’ati milliy iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy o‘sish sur’atlari bilan bog‘liqdir. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat (keyingi o‘rinlarda YaQQ) hajmi YaIM umumiy hajmining 83,8 foizini tashkil etdi va 5,0 foizga o‘sdi (YaIM mutlaq o‘sishiga ta’siri 4,4 foiz punktni tashkil etdi). Mahsulotlarga sof soliqlarning YaIM tarkibidagi ulushi 16,2 foizni tashkil etdi va 5,3 foiz darajasida o‘sish qayd etildi.

YaIM o‘sish sur’atiga xizmatlar sohasi eng katta ta’sir ko‘rsatdi va bu soha o‘tgan yilning yanvar-martiga nisbatan 4,4 foizga o‘sdi. Jumladan, savdo, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar 1,1 foizga, tashish va saqlash, axborot va aloqa – 7,1 foizga va boshqa xizmatlar - 4,6 foizga o‘sdi.

Sanoat tarmog‘ining qo‘shilgan qiymatida 5,0 foizlik o‘sish qayd etildi. Sanoat ishlab chiqarishining YaIM mutlaq o‘sish sur’atiga ijobiy ta’siri 1,3 f.p. darajasida baholandi.