Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Ahmadxo‘jayev Rossiya Aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Aleksey Volinni qabul qildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: AKT vazirligi axborot xizmati

Uchrashuvda Rossiya prezidentining Ishlar boshqarmasi, Rossiya televizion va radiouzatish davlat kompaniyasi vakillari, shuningdek, “Rossiya Segodnya”, “Perviy Kanal”, “Rossiya24” telekanallari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish, jumladan media aloqalarni rivojlantirish, xususan raqamli uzatish, texnoparklar faoliyati, raqamli iqtisodiyot va internet tarmoqlarini tartibga solish, AKT sohasi uchun kadrlar tayyorlash va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni o‘rnatish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Xususan, Rossiya delegatsiyasi vakillari mamlakatning raqamli tez uzatish tizimiga o‘tkazilishi haqida ma’lumot berdi va mazkur raqamli platformada mobil televideniye faoliyatini yo‘lga qo‘yish fikrini ilgari surdi.

Foto: AKT vazirligi axborot xizmati

Shuningdek, tomonlar Rossiyaning “Perviy Kanal”i bilan birgalikda telekanal tashkil qilish masalasini ham muhokama qildi. Ushbu telekanal rossiyalik rejissyorlarni jalb qilgan holda o‘zbekistonlik atoqli namoyandalar faoliyati, o‘zbek olimlarining jahon taraqqiyotidagi hissasiga bag‘ishlangan hujjatli film hamda dasturlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Tomonlar muntazam ravishda davlat organlarining axborot xizmatlari uchun maxsus forum va seminarlar tashkil qilishni kelishib oldi, mutaxassislar malakasini oshirish yuzasidan hamkorlikka doimo tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.