16-aprel kuni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistonga tashrif buyurgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining kam sonli millatlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Lamberto Zanyerni qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: TIV matbuot xizmati

Suhbat boshida Lamberto Zanyer Farg‘ona va Namangan viloyatlariga tashrifi, xususan mahalliy hokimiyat vakillari bilan muzokaralar, shuningdek, qirg‘iz, rus, tojik va boshqa madaniyat markazlaridagi uchrashuvlari to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Tashqi ishlar vazirligidagi uchrashuv davomida YXHT vakili O‘zbekistonda olib borilayotgan barcha sohalardagi o‘zgarishlar, O‘zbekiston hukumatining mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston millatlararo birdamlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, turli millat va elatlar vakillari o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratadi.

Tashrif dasturiga ko‘ra, YXHT Oliy komissari O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, madaniyat markazlari va boshqa idoralarda uchrashuv va muzokaralar o‘tkazadi.