“Davyergeodezkadastr” qo‘mitasida O‘zbekiston milliy atlasini yaratish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Turli vazirlik va tashkilotlar, oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirok etgan tadbirda asosiy e’tibor Vazirlar Mahkamasining 15-martdagi “O‘zbekiston Milliy atlasini yaratish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi bo‘yicha ilm-fanning zamonaviy yutuqlari mushtarakligida fundamental kartografik asar — milliy atlasni ishlab chiqish va yaratish chora-tadbirlarini amalga oshirishga qaratildi.
Qo‘mita raisi A. Abdullayev va boshqalar mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha jabhalardagi yangilik va o‘zgarishlarga keng imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston milliy atlasini yaratish bo‘yicha boshlangan izlanishlar ham shunday ezgu ishlar natijasidir.
Ikki jilddan iborat Milliy atlas “Kartografiya” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi mas’ulligi va 30 dan ortiq tashkilot hamkorligida yaratiladi. Unda O‘zbekiston hayoti, tarixi va buguni hamda barcha sohalarga oid matnlar, geografik ma’lumotlar va kartografik chizmalar jamlanadi.
Izoh (0)