Milliy matbuot markazida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini tubdan yangilash, ish sifatini oshirish va moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini tiklash hamda aholi roziligini ta’minlash borasida belgilangan chora-tadbirlar mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbida vazirlik mas’ul xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
“Bugungi kunda mamlakatimizda 33 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar mavjud bo‘lib, ularni boshqarish bo‘yicha 4 yarim mingga yaqin shirkat faoliyat yuritmoqda, — deydi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining o‘rinbosari Nazirjon Nazirov. — 2017-yilda 8 mingdan ziyod uylarning tomi, 18 mingdan ortiq kirish yo‘laklari, 8 mingdan ziyod yerto‘la ta’mirlandi, 14 mingdan ortiq noqonuniy qurilmalar buzildi. Hozirda 500 dan ortiq uy-joylarda ish olib borilmoqda. Joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘p hajmdagi ish qilinadi”.
Shuningdek, vazirlik tomonidan aholi va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash maqsadida “Yagona hisob-kitob markazi”, “Tamirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalari tashkil etildi. 800 ga yaqin shirkat boshqaruvi raislari “Kommunal o‘quv” o‘quv-uslubiy markazida o‘qitildi.
Anjuman yakunida jurnalistlarning aholi o‘rtasida noqonuniy qurilmalar qurish, bino konstruksiyasiga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritish, sohadagi kadrlar sifati, hududlardagi muammolar haqidagi savollariga vazirlikning mas’ul xodimlari batafsil javob berdi.d
Izoh (0)