Respublika ishchi guruhi Andijonning Bo‘z tumanida 2314 ta, Ulug‘nor tumanda esa 1236 ta muammoni aniqladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi 2–6-aprel kunlari Bo‘z tumanida 25 mahallani o‘rgandi. Uyma-uy 7885 ta xonadonga kirilib, 2314 ta muammo qayd etildi.
Bo‘z tumanida asosiy kamchiliklar — tabiiy gaz va gaz ballonlar bilan ta’minlanish — 536 ta, sog‘liqni saqlash tizimi — 299 ta, bandlik masalasi — 221 ta, ichimlik suvi ta’minoti — 150 ta, moddiy yordam — 165 ta, ichki yo‘llarni ta’mirlash — 120 ta, bank krediti — 123 ta, uy-joy bilan ta’minlash — 107 ta, elektr energiyasi ta’minoti va boshqa yo‘nalishlarda aniqlandi. Mazkur muammolarning 7-aprel holatiga ko‘ra, 1617 tasi ishchi guruhi tomonidan joyida bartaraf qilindi. 698 tasi esa viloyat va tumanning tegishli boshqarma va bo‘limlariga yetkazildi hamda ijrosi ta’minlanishi qat’iy nazorat qilinmoqda.
Ulug‘nor tumanida 19 ta mahalladagi 5603 uyga kirilib, 1236 ta muammolar aniqlandi.
Ishga joylashtirish bo‘yicha — 147 ta, sog‘liqni saqlash tizimiga oid — 130 ta, ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha — 128 ta, uy-joy bilan ta’minlash — 125 ta, yo‘llar ta’miriga doir — 95 ta, moddiy yordam masalasida — 75 ta, maktabgacha ta’lim tizimiga oid — 30 ta, xalq ta’limiga doir — 21 ta, tabiiy gaz va gaz ballon bilan ta’minlash bo‘yicha — 124 ta muammo va boshqalar qayd etildi. Ularning 440 tasi ishchi guruhlar tomonidan joyida bartaraf qilindi, 796 tasi yechimi bo‘yicha tegishli mutasaddilar jadal va tizimli ishlamoqda.
Hozirda 12 ta guruh tomonidan aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish ishlari davom etmoqda.
Izoh (0)