Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijodiy safarda bo‘lgan Buyuk Britaniyaning BBC teleradio korporatsiyasining jahon xizmati ijodiy jamoasi Orol muammosi haqida qisqa metrajli filmni suratga olish ishlarini yakunladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Jurnalist va prodyuser Rustam Qobil, video prodyuser Pol Harris to‘rt kun davomida Mo‘ynoq tumanida, Orol dengizi qirg‘oqlarida bo‘lib, ekologik inqirozning oldini olish, xalqning turmush darajasini yaxshilash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarni suratga oldi. Shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi tomonidan Orol dengizining qurigan maydonlarida saksovul, qandim, cherkez kabi tuzga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni urug‘dan hamda ko‘chatdan ekish ishlarini kuzatdi.
Prezidentning 2017-yil 28-fevraldagi “2017–2018-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirilgan loyihalar, aholi sog‘ligini saqlash va bandligini ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni suratga olib, tuman aholisi bilan suhbatlashdi.
BBC jahon xizmati ijodiy jamoasi tomonidan suratga olingan ushbu film yaqin kunlarda namoyish etiladi.
Izoh (0)