Hech kim jurnalistdan e’lon qilinayotgan xabarlar yoki materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek, ularning matni o‘zgartirilishini yoxud ularning nashrdan butunlay olib tashlanishini (efirga berilmasligini) talab qilish huquqiga ega emasligiga oid me’yor mustahkamlanmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 24-aprelda qabul qilingan “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga ham o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unda jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi me’yorlar aks etgan.
O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarining senzura qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi qonunda o‘z ifodasini topgan.
Hech kim jurnalistdan e’lon qilinayotgan xabarlar yoki materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o‘zgartirilishini yoxud ularning nashrdan butunlay olib tashlanishini (efirga berilmasligini) talab qilish huquqiga ega emasligiga oid me’yor qonundan o‘rin olgan.
Jurnalistning davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida va ommaviy tadbirlarida hozir bo‘lishi, jurnalistlik sirini oshkor etmasligi, jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalariga rioya etishiga oid me’yorlar ham qonunga kiritilmoqda.
Jurnalistni akkreditatsiya qilish masalasi ham qonundan o‘rin olmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi paytlarda O‘zbekistonda jurnalistlarga turli shaklda bosim o‘tkazish bilan bog‘liq holatlar kuzatildi. Jumladan, Kattaqo‘rg‘onda 23 yoshli o‘qituvchi qizning o‘limi bilan bog‘liq holatni yoritgan jurnalist Karimberdi To‘ramurodga tahdid qilindi (shundan so‘ng prokuratura vaziyatni nazorat ostiga oldi). 28-mart kuni esa “Kun.uz” sayti jamoasi faoliyati “Toshkent savdo markazi” (sobiq “Abu Saxiy” bozori) ma’muriyati xodimlari tomonidan to‘sqinlikka uchradi.
Izoh (0)