Tojikistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazida jurnalistlar bilan bo‘lgan uchrashuvda afg‘on muammolariga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Afg‘on muammosi bizning siyosatimizda doim muhim o‘rin egallab kelgan. Chunki Tojikiston chegarasining salmoqli qismi Afg‘oniston bilan tutash. Murakkab relyefda joylashganimiz bois ham chegaralarimizni qo‘riqlashda o‘ziga yarasha qiyinchiliklar yo‘q emas.Ayrim rivojlangan davlatlarda bir mudhish voqea sodir bo‘lsa, unga darrov jahon hamjiyati e’tibor qaratadi va ular buni uddalaydi. Afg‘onistonda uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan notinchlik, sodir bo‘layotgan voqealar esa biz uchun juda muhim. Zero, bu zaminda barqarorlik o‘rnatilishidan biz manfaatdormiz. Afg‘onda tinchlik o‘rnatilishi bu bizning yutug‘imiz.
Ayni paytda biz chegaralarimizni qo‘riqlashga katta kuch va mablag‘ yo‘naltirmoqdamiz. Qo‘shni davlat tinch bo‘lganida biz bu moliyaviy manbalarni aholi farovonligi, jamiyat rivojiga yo‘naltirardik.
Shuning uchun ham Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatilishi biz uchun juda muhim. O‘ylaymanki, bu mamlakatda tinchlik ta’minlanishida shu maqsadga qaratilgan muloqot maydoni muhim ahamiyat kasb etadi. Afg‘on xalqi ham bu jarayonda asosiy o‘rin tutib, mavjud muammolarga qat’iy qarshi turishi darkor. Zero, afg‘on muammosining asosiy yechimi afg‘on xalqining qo‘lida. Biz qo‘shnilar esa ularga yaqindan yordam beramiz.
Shu jihatdan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 26–27-mart kunlari “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi tashkil etilayotganini yuqori baholaymiz.
Tojikiston mazkur konferensiyada faol ishtirok etadi. Bu masalada hamkorlar bilan afg‘on tinchligi real voqelikka aylanishi uchun harakat qilamiz.
Ishonchim komilki, konferensiyada afg‘on muammosi yechimi bo‘yicha samarali mexnizm taklif etiladi. Muhimi, muammo bo‘yicha muloqot maydoni kengayadi. Ushbu masalaga jahon hamjiyatining e’tibori qaratiladi. Bu, albatta, Afg‘onistonda tinchlik jarayoni o‘rnatilishiga xizmat qiladi. Bu borada biz o‘zbek hamkasblar bilan yaqin hamkorlik qilamiz.
Sodiq Imomiy, Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi
Izoh (0)