“Daryo” muxbiri MOQ prezidenti Umid Ahmadjonovdan O‘zbekiston sportida yuz berayotgan va kelajakda ro‘y berishi mumkin o‘zgarishlar bo‘yicha intervyu oldi. Quyida yangi tashkil etilayotgan O‘zbekiston sportining kelajagi haqidagi suhbat hukmingizga havola etiladi.

Foto: “Daryo”

Joriy yilning 5-mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat sportini tubdan isloh qilish haqidagi farmonni imzolagandi. Unda soha rivoji uchun to‘sqinlik qilayotgan bir qator masalalar sanab o‘tilgan bo‘lib, muammolar yechimlari ham ko‘rsatib ketilgandi. 16-mart kuni esa mamlakat rahbari “Futbolni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Mazkur farmon va qarorlar mazmunidan tushunish mumkinki, O‘zbekistonda sport tuzilmasi to‘liq qaytadan barpo etiladi. Hozirgi kunga qadar ishlab kelgan tizim esa barham topadi.

“Sport tashqaridan qaraganda o‘sayotgandek ko‘rinishi mumkin. Biroq uning ichki qismi talabga javob bermay qo‘yganiga ancha bo‘lgandi. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich ham buni chuqur anglab turgandilar. Shu boisdan oldimizga birinchi galda jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat tizimini tubdan takomillashtirish vazifasini qo‘ydilar. Endi sportning faqatgina 2-3 turi emas, qolgan turlariga ham e’tibor berishi kerak — deb so‘z boshladi biz bilan suhbatda MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov.

— Umid Mahamatjonovich, aytingchi, “Bunyodkor” stadionini O‘FA tasarrufiga o‘tkazish nima uchun kerak bo‘ldi?

— Biz terma jamoalar natijasini yaxshilashimiz uchun birinchi navbatda moddiy-texnik baza kerak edi. “Bunyodkor” esa bu talabga javob bera oladi. Endilikda u terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘zida qabul qiladigan maskanga aylanadi. Ya’ni, respublikaning bosh futbol akademiyasi sifatida eng iqtidorli futbolchilarnigina o‘zida jamlaydi. Bungacha iqtidorlar turli futbol maktablariga sochilib kelgan bo‘lib, ularning kelgusi taqdiri to‘liq nazorat qilinmagan. O‘FA esa endi o‘ziga tegishli bo‘lgan har bir talantni nazoratga oladi va ularni milliy terma jamoaga kadr sifatida tayyorlab boradi. Kelajakda esa shu kabi akademiyalarni ko‘paytirish ustida ish olib boriladi.

— Olimpiya zaxiralari kollejlaridan nima sababdan futbol sport turi olib tashlanmoqda?

— Siz aytayotgan kollejlarda 30 ga yaqin sport turlari o‘rgatiladi. Quloqqa chiroyli eshitilishi mumkin, biroq sifatidan so‘rasangiz, savolingizga qoniqarli javob ololmaysiz. Biz qarorda ko‘rsatib qo‘yilgani bo‘yicha Olimpiya zaxiralari kollejlarining faoliyatini tanqidiy ruhda o‘rganib chiqdik. Oddiy misol, kollejga futbolchilar qanday saralab olinishi masalasi umuman talabga javob bermaydi. Yo kimningdir jiyani o‘qishga qabul qilinadi yoki o‘rtada pul turishi mumkin, deylik.

Bu esa bizning siyosatga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Kollej uchun nechta kvota berilgan bo‘lsa, unda shuncha iqtidor bo‘lishi shart. Biz o‘sha kollejlardan futbolni ajratib oldik. Endi futbolchilarni futbol akademiyalari tarbiya qiladi. Qarorga ko‘ra, Toshkent shahri, 12 ta viloyat va Qoraqalpog‘istonda respublika akademiyalari vujudga keladi. Bu akademiyalarda shu mintaqaning o‘z yosh toifasidagi eng oldi o‘smirlari tahsil oladi.

Olimpiya zaxiralari kollejlari esa futboldan bo‘shab qolgan o‘rinlarni boshqa sport turlari bilan to‘ldiradi. Bungacha bizda futbol, boks yoki dzyudogagina e’tibor kuchli bo‘lgan. Yirik musobaqalarda medallar asosan yakkurashlar, yakkalik turlari evaziga qo‘lga kiritilgan. Hozir esa oldimizga Olimpiada oilasiga kiruvchi barcha turlarni birga olib borish va rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. O‘zingiz ko‘ryapsiz, qishki sport turlari tuppa-tuzuk qishi bor O‘zbekistonda butunlay yo‘q bo‘lish ketish arafasida turgandi. Davlat rahbari esa bu turlarni ham e’tibordan chetda qoldirmayapti.

— Biroq o‘sha sport maskanlarga bo‘lgan talab ham hisobga olinishi kerak emasmi? Bizda ko‘pchilik boks yoki futbolga qiziqadi. Qolgan turlarga talab bu qadar yuqori emas.

— Shu ham aslida bejiz emas. Davlat faqat shu sport turlariga e’tibor qaratgani uchungina, aynan ularga qiziqish oshgan. Agar biz barcha turlarni birgalikda olib bora olsak, ishonamanki, O‘zbekistonda voleybol, basketbol, figurali uchish yoki badiiy gimnastikaga, og‘ir va yengil atletikaga qiziquvchilar ham juda ko‘p.

Olaylik, qaysidir Olimpiya zaxiralari kollejining rahbariyati futbolga juda qiziqadi. Va ular tabiiyki, bor e’tiborni unga qaratishga intiladi. Ha, futbolga hammamiz qiziqamiz, biroq qolgan turlar panada qolishi kerak degani emas bu. Futbolga O‘FAning o‘zi javob beradi. Kollejlar esa MOQ tasarrufida bo‘ladi hamda Olimpiada oilasiga kirgan sport turlari haqida bosh qotiradi, futbol haqida emas.

— Kollejlarga hujjat topshirish jarayoni qanday bo‘ladi? Qarorda aytib o‘tilgan hududlar qanday tavsiflanadi?

— Andijonga borsak, kollejning voleybol guruhiga 3 nafar o‘smir qabul qilingan. Voleybolni 6 kishi o‘ynasa, uning zaxira o‘yinchilari bo‘lsa, bu 3 o‘smir qanday qilib tahsil oladi yoki nimani o‘rganadi?! Biz yaxshisi vodiyni umumiy bitta hudud sifatida ko‘ramiz. Uning har bir viloyatiga tegishli kollejda 3 nafardan bola bo‘lmasin, balki Namangan, balki Farg‘onada umumiy voleybol guruhi tashkil etilsin. Shaharlar bir-biridan uzoq emas, kollejlarda yotoqxonalar bor, yegulik bor. Andijonda boks tezroq o‘syaptimi, o‘sha voleybol kvotasini ham boksga beraylik, qolgan ikki viloyatdagi boks kvtolaridan yuqoriroq bo‘lsin. Kimdadir qilichbozlik yaxshimi, markaz o‘sha yerda bo‘lsin va hokazo.

Bundan buyon kollej rahbariyati o‘zi istagan bolani o‘qishda olib qolmaydi. Nazorat kuchli bo‘ladi. Iqtidorlar qanday saralab olinayotganidan tortib, sarf etilayotgan har bir tiyin nazoratda turadi. Mana futbolni oldik, bundan tashqari kollej o‘quvchilarining ozuqasi masalasidan ham ularni ozod qilamiz. Bu ish bilan qo‘lidan keladigan tomon, aytaylik, shunga ixtisoslashgan firmalar, kompaniyalar shug‘ullansin. Og‘ir atletikachida alohida ratsion, tennischida boshqacha, bokschida boshqacha, to‘g‘rimi? Har biriga o‘ziga kerakli bo‘lgan yeguliklar yetkazib beriladi. Kollej rahbariyati esa o‘quv ishlari, mashg‘ulotlar sifati haqida o‘ylasin.

— Qabul jarayonlari shaffof bo‘ladi deb aytib o‘tgandingiz. Bunga qanday erishmoqchisiz?

Shunchaki imtihonlar ochiq ruhda o‘tadi. Prezidentimiz oliygohlarga kirish imtihonlarini tartibga solish uchun birinchi navbatda OAV yordamiga suyandi, to‘g‘rimi? Imtihonlarda jurnalistlar erkin kuzatuvchilar sifatida ishtirok etdi va katta o‘sishga erishildi. Biz ham shu yo‘ldan yuramiz, sport jurnalistlari bemalol kelishsin, ko‘rishsin, kamchiliklar bo‘lsa, yoritishsin.

Ha, keyin yana bir narsani aytishim kerak. Hamma narsa talabdan kelib chiqadi. Qaysidir viloyatda qaysidir sport turiga umuman talab yo‘q bo‘lsa, o‘sha kvotani ushlab turishidan hech qanday ma’ni yo‘q. Chunki ko‘ryapmiz o‘qishga kirish uchun odamlar nimalar qilayotganini. O‘zi boksga qiziqadi, biroq unda raqobat kuchli bo‘lgani uchun voleybolga topshirib ko‘radi. Muhimi kirib olsa bo‘lgani, chunki voleybolga talab deyarli yo‘q. 3 kishi olinsa, 5 kishi hujjat topshiradi. Endi bunaqasi ketmaydi. Talab juda past bo‘lsa, o‘sha mintaqada o‘sha sport turidan yaxshisi voz kechiladi. Men faqatgina kollej misolida aytyapman. Tashqarida esa sport klublari, jamoalar bemalol faoliyatini davom ettiradi. Boksga qiziqadigan bola, o‘z yo‘lida ko‘proq foyda keltiradi. U voleybolchi bo‘lish istagida bo‘lgan kimningdir yo‘lini to‘sib qo‘yishi umuman kerak emas.

— Sizningcha, MOQ o‘z chekiga juda ko‘p narsani olib yubormaganmi?

— Shu kungacha Sport qo‘mitasi alohida ishladi, MOQ alohida. Bu yoqda futbol federatsiyasi o‘z bilganicha ish qilgan, olimpiya zaxiralari kollejlari umuman boshqa yo‘ldan yurgan, bolalar va o‘smirlar sport maktablari umuman boshqa mavzu va hokazo. Biz shunga barham berish uchungina bir oila bo‘lib yig‘ila boshladik. Aniqrog‘i, davlat sport uchun ajratayotgan pullar har tomonga istalgancha sochilayotgani odamlarning noroziligiga sabab bo‘layotgandi. Prezidentimiz esa mana shu isrofgarchilikning oldini olib, mablag‘ni kerakli nuqtaga yo‘naltira olishni istamoqdalar. Bu davlat sportga ajratayotgan pulni siqishni boshlaganidan emas, sportga safarbar etayotgan pullarini foydali ishlarga sarf etishni istayotganidan dalolat beradi. Kimningdir cho‘ntagiga yoki foydasi yo‘q ishlarga kirib ketayotgan pullarni tejasak nimasi yomon? O‘sha pullar xalqaro arenalarda o‘zini ko‘rsatayotgan qora ko‘zlarimizga mukofot bo‘lib xizmat qilsa, yosh avlodda ularga havas uyg‘onadi, ular ham mamlakat bayrog‘ini eng yuqoriga ko‘tarish uchun borini berishga harakat qiladi. E’tibor bering, futbolchilar Osiyo chempioni bo‘lsa, har biriga Malibu berildi, mukofot pullari berildi. Hali haydovchilik guvohnomasi ham olmagan qilichbozlarimiz tarixda ilk bor qit’a chempionatida medal olgandi, ularga Spark, murabbiylariga Cobalt sovg‘a qilindi. Ya’ni, davlat rahbari biz o‘zimizni ko‘rsatishimiz uchun har qanday sharoitni yaratib berishga tayyor, hukumat hech qanday mablag‘dan qochayotgani yo‘q sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish uchun. Shunchaki biz bu imkoniyatlarga munosib javob bera olishimiz kerak.

Nima demoqchiman, MOQ o‘zida mavjud bo‘lgan vakolatlardan o‘zboshimchalik bilan foydalanmaydi. Prezident qarorida ko‘rsatilganidek, Sport vazirligidan tortib, qolgan sport federatsiyalariga qadar bir oila bo‘lib ishlaydi va bir yoqadan bosh chiqarishga harakat qiladi.

— Alkogol ichimliklariga qo‘yilgan soliq masalasi kutilmagan hol bo‘ldi.

— Xuddi shuningdek juda olamshumul va uzoqni ko‘zlab chiqarilgan qaror ham bo‘ldi, degan bo‘lardim. Kim o‘ziga sog‘lom turmush tarzini afzal biladi va kim buning aksini. Davlat rahbari esa sog‘lom turmush tarzi doim birinchi ekanini mana shu qarori bilan ham yaqqol ko‘rsatib turibdi. Har kim o‘zi istaganidek yashash huquqiga ega. Biz barchamiz erkin odamlarmiz, mustaqil davlat, erkin jamiyatda yashab turibmiz. Va hammamiz ongli ravishda tan olamizki, sog‘liq har qanday vaziyatda ham birinchi o‘rinda turadi. Mana shu sog‘lom turmush tarziga endi hamma o‘zining ma’lum miqdordagi hissasini qo‘shadi.

— Tokio—2020 Olimpiadasidan qanday natija kutsak bo‘ladi?

— Biz faqat va faqat yaxshisidan umid qilamiz va shunga bor kuchimizni berib ishlaymiz. Ammo masalaning bitta jihatiga e’tibor qilishingizni so‘rayman, davlatimiz rahbari bizning oldimizga yaqin Olimpiada yoki futbol bo‘yicha Jahon Chempionatini vazifa qilib belgilab berganlari bilan, butun sport tizimi faqatgina o‘sha turnirlar uchungina isloh qilinmayapti. Bunda 10—20 yilliklar nazarda tutilayotganiga ishonchimiz komil. Aytadilarku, 2—3 yil tinim bilmay mehnat qilaylik, keyin rohatini ko‘ramiz deb. Biz ham shunday ishlaymiz, balki Tokioda ko‘rarmiz hosilni, balki keyinroq. Muhimi — sportni to‘g‘ri relsga tushirib olish. Muvaffaiyatlar esa o‘z-o‘zidan kela boshlaydi.

Mana ko‘ryapsiz, bitta yaxshi turtki bilan futbolchilarimiz Osiyo chempioni bo‘la oldi. Oldingi dunyoqarash bilan bunga erisha olishimizga ishonmasdim. U kichik turnir bo‘ladimi yoki katta ahamiyati yo‘q — mamlakat nomidan maydonga chiqayotgan hamma maksimal harakatda bo‘ladi. Shuni vazifa qilib jamoani qit’a chempionatiga jo‘natdik va natijani ko‘ryapsiz. Yoki futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasini oling. O‘yinlar jonlanganini, har bir uchrashuv jonli ko‘rsatilayotganini ko‘rib turibmiz. Demak, futboldagilarga yaxshigina turtki kerak bo‘lgan. Va mana endi ular o‘zlarini ko‘rsatishga jon-jahdlari bilan harakat qilishyapti. Eplay olmaganlari esa o‘z-o‘zidan tushib qolaveradi. Sport chidamlilar, eplaganlar va iqtidorlar uchun maydon bo‘ladi.

— O‘zgarishlar katta. Umid qilamizki, barchasi mamlakat sportini yangi va kutilgan bosqichga olib chiqa oladi...

— Biz bunga ishonamiz. Tepamizda mana shunday rahbar turganining o‘ziyoq bizning baxtimiz. Ularning ko‘rsatmalari, talablari asosida ishlash har doim sharaf bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Oldin ham sportga e’tibor bo‘lgan, qarorlar chiqqan. Biroq ularning ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani uchun ham soha tarqoqlikka yuz tutgan, hamma o‘zi bilganicha ishlayvergan. Prezident qabulxonasiga kelib tushgan yuz minglab murojaatlarda odamlarning bu boradagi fikrlari, dardlari bayon etilgan. Shavkat Miromonovich shuning uchun ham sportni boshdan-oyoq isloh qilishga qo‘l urdilar. Endi odamlarni Olimpiya zaxiralari kollejlari qiziqtirmasin, u o‘z nomi bilan terma jamoalarga zaxira bo‘lib ishlasin. Biz sport ommaviyligini ancha oldinroqdan, bog‘chadan boshlaymiz. Bolajonlar maskanlarida sog‘lom turmush tarziga jiddiy e’tibor berish orqali, ularni sportga qiziqtirish, juda boshqa soha tanlanganida ham, sog‘lom avlod yetishib chiqishi uchun ishlanadi. Bu yo‘lda Bog‘cha vazirligida ham juda katta o‘zgarishlar kechayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Keyin esa sog‘lom turmush tarzi maktabda yangi bosqichga olib chiqiladi. Haftada bir marta jismoniy tarbiya darsini o‘tish bilan hech nimaga erishmaymiz. Shuning uchun ham yangi sport universiteti tashkil qilib, sifatli kadrlarni tayyorlashga intilamiz. Ular bevosita ishni maktabdan boshlaydi va keyingi bosqichga o‘smirlarni tayyorlab beradi. Ya’ni, yangi chiqayotgan farmonlar hamda qarorlarda eng pastki bo‘g‘inlar ham hisobga olinganki, ular eng yuqori qismni harakatga keltirishda juda va juda asqatadi.