Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) vitse-prezidenti Surayyo Yer va agentlikning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ali Ihsan Chag‘lar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Uchrashuvda TIKA tomonidan O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflar berildi. Jumladan, TIKA rahbariyati Farg‘ona vodiysida hudud ehtiyojidan kelib chiqqan holda, kasb-hunarga o‘qitish markazlarini ochish, ayniqsa, talab yuqori bo‘lgan tikuvchilik, avtomobilsozlik, mashinasozlik, payvandlash va boshqa shu kabi yo‘nalishlarda kasb-hunarga o‘qitish tizimini yaratishga e’tibor qaratdi.
Kasb-hunar o‘rgatishda Turkiyadan malakali kadrlarni jalb qilib, ta’lim sifatini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. O‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan malakali kasb egalari mehnat faoliyatini boshlashida kerakli jihoz va anjomlar bilan ta’minlab berilishi alohida ta’kidlandi.
Ushbu tizim avvalo Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ishga tushirilishi va keyinchalik respublikaning qolgan viloyatlarida ham xuddi shunday markazlar ochilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)