“Islom Karimov fondi” O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1991-yil dekabrida Namanganda to‘plangan g‘azabnok olomon, uni boshqargan shaxslar bilan bo‘lgan uchrashuvlar haqidagi xotiralari yozilgan videoni e’lon qildi.

Fondning Facebook’dagi sahifasida 1991-yil dekabrida Birinchi Prezidentning Namanganda o‘tkazgan xatarli uchrashuvi haqida, jumladan, shunday deyiladi:

O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilinganidan uch oy o‘tib, 1991-yil dekabr oyi boshida tajovuzkor kayfiyatdagi olomon Namangan shahri ma’muriyati binosini egallab oldi. Mamlakat rahbari bilan uchrashishni talab qilgan to‘da O‘zbekistonni radikal aqidaparastlikka asoslangan davlat sifatida e’lon qilishga chaqirdi.

Bu — mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng mushkul pallalardan biri edi. Zero, parchalanib ketgan Sovet Ittifoqidan o‘ta abgor ahvoldagi iqtisodiyot meros qolgan, bir necha haftadan keyin, 29-dekabr kuni mamlakat tarixida ilk bor prezidentlik saylovi o‘tishi kutilayotgan edi. Mustaqil respublika taraqqiyotning qaysi yo‘ldan yurishi ayni shu saylov yakuniga bog‘liq edi.

Prezident Islom Karimov ommaviy g‘alayon boshlanganining ertasi kuniyoq Namanganga yetib bordi. U o‘z davlati kelajagi oldidagi mas’uliyatni teran anglagan holda, tajovuzkor kayfiyatdagi olomon orasiga dadil kirib bordi. Prezident Islom Karimov mushkul vazifani bajarishi — yig‘ilganlarni tinchlantirib, ko‘p yillik qirg‘inbarot urushga aylanib ketishi mumkin bo‘lgan tanglikni bartaraf etishi lozim edi.

Ta’kidlash joizki, odamlar o‘z-o‘zidan yig‘ilmagan edi — olomonni mamlakatdagi dunyoviy hayot tarzini butkul o‘zgartirishga harakat qilayotgan kimsalar boshqarardi. Sovet imperiyasi parchalanganidan keyin o‘tish davri hokimiyatidagi inqirozdan foydalangan Tohir Yo‘ldoshev, Juma Namangoniy kabi kimsalar adolat uchun kurash shiorlarini niqob qilib, “azaliy diniy va axloqiy qadriyatlar”ni tiklash lozimligini da’vo qilar, aslida esa hokimiyatni egallash va davlat boshqaruvi borasida o‘z tartib-qonunlarini o‘rnatish qutqusi ila yonar edi.

Ko‘pchilik hali ham yaxshi eslaydi: istiqlolning ilk kezlari mutaassib jangari guruhlar odamlarni dahshatga solish va o‘z kuch-qudratini namoyish etish aksiyalarini o‘tkazar edi — ular militsiya xodimlarini o‘ldirar, davlat hokimiyati vakillari hamda, ular fikricha, “to‘g‘ri yo‘ldan yurmayotgan”larni xalq oldida kaltaklab, sazoyi qilar, kalta sochli qizlarga tosh otar, boshqa din vakillarini haqoratlab qo‘rqitar edi.

Namangan shahri ma’muriyati binosini bosib olgan kimsalar oradan bir necha yil o‘tib, Tojikistondagi fuqarolar urushi kezlari qurolli harakatlarda qatnashishi, Afg‘onistonda toliblar tomonida jang qilishi, bir qator davlatlarda terror hujumlarini tashkil etishi o‘sha 1991-yili hech kimning xayoliga kelmagan edi. Tohir Yo‘ldoshev va Juma Namangoniy “O‘zbekiston islom harakati” deb atalgan terrorchi tuzilma asoschisi va yetakchisi bo‘ldi. Mazkur harakat 2001-yil 11-sentabr hujumidan keyin AQSH Davlat departamenti tomonidan eng xavfli xalqaro terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritildi. Mazkur terrorchi guruh 2015-yildan buyon ISHID tarkibida.

O‘shanda, 1991-yilning dekabrida Islom Karimov hayotini xatarga qo‘yib, Namangan shahri ma’muriyati binosida yig‘ilgan tajovuzkor kayfiyatdagi olomonni tinchlantirib, odamlarni uy-uylariga tarqalishga ko‘ndira olmaganda, O‘zbekiston dunyoning qaynoq nuqtalaridan biriga aylanishi hech gap emas edi. O‘zbekiston Birinchi Prezidentining qat’iyati, mardligi, donoligi, o‘z vaqtida o‘ylab, dadil amalga oshirgan chora-tadbirlari bois, ming shukurki, mamlakatimiz boshiga jangu jadallarda yuz minglab insonni qurbon bergan Tojikiston, Afg‘oniston, Suriya va Iroq kabi o‘lkalarning achchiq qismati tushmadi.

“Islom Karimov fondi”ning Facebook’dagi xabaridan