Toshkent viloyatida 81 yoshli nafaqaxo‘r o‘qituvchiga sobiq o‘quvchisi qo‘l ko‘tarib, jarohat yetkazdi. Bu haqda “Daryo”ga Toshkent viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi xabar berdi.

Foto: Fotolia

Hodisa 4-mart kuni soat 13:30 da sodir bo‘lgan. Olmaliq shahrida yashovchi 1981-yilda tug‘ilgan Aleksey Pikanchuk (ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘zining sobiq maktab o‘qituvchisi, Ohangaron tumanida yashovchi, nafaqaxo‘r, 1937-yilda tug‘ilgan Klara Kanning uyiga mast holda kelgan. O‘zaro janjal yuzaga kelgach u sobiq o‘qituvchisini qo‘li bilan urib, ayolga tan jarohati yetkazgan.

Sudga oid tibbiy ekspertizaning 10-mart kunidagi 251-sonli xulosalariga ko‘ra, Kanga “bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng tomonlama o‘mrov suyagining yopiq siljib sinishi, iyak sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi va shilinishi, ko‘krak qafasi o‘ngdan yumshoq to‘qimalari lat yeyishi” kabi o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohatlari yetkazilganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Pikanchukka nisbatan Ohangaron tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.