Samarqand viloyati hokimligida huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillarining qidiruvdagi fuqarolarning yaqin qarindoshlari va maxsus hisobdan chiqarilgan shaxslar bilan o‘tkazilgan uchrashuvida maxsus hisobga olingan va ayni paytda xorijda yurgan fuqarolarni qaytarish, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash haqida so‘z yuritildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: Google Photos

Viloyat hokimi T. Jo‘rayev amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berib, ushbu jarayonda jamiyatning ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

“Bu yurtda har bir fuqaroning yaxshi yashashga haqi bor, — dedi viloyat hokimi. — Prezidentimiz har bir chiqishlarida alohida qayd etganidek, ular kelajakda emas, bugun farovon hayot kechirishi kerak. Hatto to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, bilib-bilmay turli diniy oqimlar safiga qo‘shilib qolgan yurtdoshlarimizni ham kechirib, ularga bag‘rimizni ochishimiz, ijtimoiy muammolarini hal etishga ko‘maklashishimiz lozim. Davlatimiz rahbarining bag‘rikengligi tufayli mana keyingi bir yilda maxsus hisobdan chiqarilgan yuzlab shaxslarni to‘g‘ri hayotga qaytardik. Ular ham bugun yurtimiz ravnaqiga baholi qudrat hissa qo‘shmoqda. Mahalla-ko‘y ishida qatnashyapti. Bugungi kunda maxsus hisobda turgan, xorijda yurgan fuqarolarning yaqinlariga murojaat qilmoqchiman. Agar ular bilan aloqangiz bo‘lsa, ayting, yurtimizga qaytsin. Viloyat hokimi sifatida va’da beraman, hech birini qamamaymiz. Ularni to‘g‘ri yo‘lga solamiz, ish bilan ta’minlaymiz, uyi bo‘lmasa, bu borada ham yordam beramiz”.

“Turli diniy ekstremistik oqimlar safidagi noqonuniy harakatlari uchun qidiruvda bo‘lgan shaxslarga nisbatan olib borilgan tezkor tadbirlar jarayonida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ularning ayrimlari O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida bo‘laturib, yaqin qarindoshlari bilan doimiy aloqada, — deydi Milliy xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i U. Mirzaahmedov. — Ular yashash manzillariga qaytib kelish istaklari mavjudligi, biroq muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlanib, qamoq jazosi qo‘llanilishidan qo‘rqayotganini ma’lum qilmoqda. Lekin ularning bir nechtasi avvalgi harakatlari noqonuniy ekanligini anglab yetib, hozirgi vaqtda diniy ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari faoliyatiga aralashmasdan, halol yo‘l bilan mehnat qilmoqda. Ularning xatti-harakatlarida davlatimiz milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi omillar mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar olinmagan. Shundan kelib chiqib, qidiruvda bo‘lgan 12 nafar samarqandlikning jinoyat ishlari o‘rganib chiqildi. Ularning harakatida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lsa-da, agar avvalgi harakatlari noto‘g‘ri ekanligini tushunib yetgan holda, o‘z ixtiyori bilan yashash manziliga qaytib kelsa, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turi qo‘llanilishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosaga kelindi”.

Ma’lumot uchun, 2017-yil 1-iyul holatida Samarqand viloyatida 1749 nafar shaxs ichki ishlar idoralari maxsus hisobiga olingan edi. Ularning 1625 nafari maxsus hisobdan chiqarildi.

Ushbu toifa vakillarining 177 nafariga qariyb 41 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi. 25 nafariga jami 697 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi. Natijada maxsus hisobdan chiqarilgan 69 nafar fuqaro tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. 195 kishi ish bilan ta’minlandi. 71 nafar bemorning davolanishi uchun ko‘mak ko‘rsatildi.