Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida Lada Largus va “KAMAZ” mashinalari to‘qnashuvida uch kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “KRuz.uz” xabar bermoqda.

Foto: “KRuz.uz” (arxiv)

1-mart kuni soat 03:30 larda xorazmlik Yu.K. o‘ziga tegishli Lada Largus mashinasini Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumani hududidan o‘tgan A-380 “G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beynov” asfalt yo‘lining 900–901 kilometri oralig‘ida boshqarib ketayotib, yo‘lning chekasida to‘xtab turgan, P.T. boshqaruvidagi “KAMAZ” yuk mashinasi tirkamasining orqa tomonidan kelib urilgan.

Natijada Lada Largus’da bo‘lgan yo‘lovchilar, nukuslik S.B. va I.S., qo‘ng‘irotlik O.A. voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi.

Holat yuzasidan JKning 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.