Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fraksiya a’zolari, qonun loyihalari bo‘yicha mas’ul tashkilotlar, fraksiya ekspertlari, partiya faollari hamda OAV vakillari ishtirok etdi, deb xabar beradi palata axborot xizmati.

Foto: Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Fraksiya rahbari S. Otamuratov boshqargan yig‘ilishda ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator qonun loyihalari birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Jumladan, “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar loyihasi ko‘rib chiqildi.

Fraksiya a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildi. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi energetik ichimliklarni 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilishni cheklashni ko‘zda tutadi.

Shuningdek, hujjat ularning reklamasi va savdosini davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari binolari, jamoatchilik joylari, sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalari hamda sport, ijtimoiy va madaniy tadbirlarda audio, vizual va multimedia vositalari, matn, ko‘rgazmali qo‘llanmalar, bannerlardan foydalangan holda amalga oshirishni cheklash, belgilangan tartibni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish kabi masalalarni ham o‘z ichiga qamrab oladi.

Yig‘ilishda boshqa bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi hamda partiya fraksiyasining tegishli qarori qabul qilindi.