Ukrainaning Mukachevo shahrida talonchilar tungi payt VS Bank filiali omboriga kirib, u yerda mijozlarning qimmatbaho buyumlari saqlanayotgan 35 ta seyfni ship-shiydam qildi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.

Foto: “Korrespondent.net”

Jinoyatchilar bankning shahar markazidagi binosi uchinchi qavatida joylashgan ombor tomining bir necha darajali temir-beton to‘sig‘ini teshishga muvaffaq bo‘lgani bildirilmoqda.

“Buni bir necha soat, hatto kun mobaynida amalga oshirilganini tasavvur etish qiyin. Ustiga-ustak, ortiqcha shovqin-suron va vibratsiyasiz. Harakat va tovushni qayd etadigan signalizatsiya tizimlari nega ishlamagani haqida savollar paydo bo‘ladi”, — taajjublanadi mahalliy nashrlardan biri.