Belarus respublikasida o‘zining ikkita farzandini o‘ldirgan Kirill Kazachekka nisbatan o‘lim jazosi ijro etildi. Bu haqda “Vesna” inson huquqlarini himoya qilish tashkilotiga jinoyatchining onasi ma’lum qildi.

Foto: “Nasha Niva”

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kazachek 2017-yilning oktabridayoq otib tashlangan. 2018-yilning fevralida esa “BelaPAN” agentligi jinoyatchi tirik va o‘z hukmi ijorisini kutib yashayotganini ma’lum qilgandi.

2016-yilning yanvarida Kazachek 17 yoshli o‘g‘lini hamda 9 yoshli qizini o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qilgan, biroq omon qolgan. Qotilning qonidagi spirt miqdori 2,36 promillni tashkil etgan. 2016-yilning dekabrida Kazachek aybdor deb topilgan va oliy jazoga hukm etilgan.

Belarus respublikasi — Yevropada o‘lim jazosini qo‘llaydigan yagona mamlakat hisoblanadi. So‘nggi 20 yil ichida mamlakatda 400 dan ortiq jinoyatchiga nisbatan o‘lim jazosi hukmi ijro etilgan.