Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi Chempionlar Ligasining 3-turida ham mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. Qatar chempioni “Al-Duhayl” mehmoni bo‘lgan “temiryo‘lchilar” 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Foto: “Lokomotiv”

Xalqaro maydondagi debyut omadli chiqib, ilk turda “Lokomotiv” Amirliklarning “Al-Vahda” klubi darvozasiga javobsiz 5 ta gol urgandi. 2-turda esa “Zob Ohan”ga imkoniyatni boy berildi. Va mana endi safardagi ikkinchi o‘yinda ham mag‘lubiyat.

Uchrashuv starti qatarliklar uchun omadli kelib, ular birinchi bo‘limning o‘zidayoq 3 ta gol urishga erishdi. 56-daqiqaga kelib klub murabbiylari braziliyalik hujumchi Nivaldoni maydonga tushirdi va oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas hisob qisqardi. Nivaldo “Lokomotiv”ning shu yilgi ilk rasmiy golini ham urgan bo‘lib, keyin jarohat olgandi. Hujumchining golidan 3 daqiqa o‘tib, avvalgi mavsum to‘purari Marat Bikmayev nomini tabloga yozib qo‘ydi. Biroq mezbonlarga yetib olishning iloji bo‘lmadi.

“Lokomotiv” 2-davradagi ikki uchrashuvni o‘z maydonida o‘tkazadi va aynan o‘zi mag‘lub bo‘lgan klublarni Toshkentda qabul qiladi.

Chempionlar Ligasi

“B” guruhi. 3-tur

6-mart, seshanba

“Zob Ohan” — “Al-Vahda” 2:0

Gollar: Murtazo Tabriziy, 35 (1:0). Murtazo Tabriziy, 73 (2:0).

“Al-Duhayl” — “Lokomotiv” 3:2

Gollar: Yusuf Al-Arabiy, 9 (1:0). Yusuf Al-Arabiy, 19 (2:0). Yusuf Msakniy, 24 (3:0). Nivaldo, 58 (3:1). Marat Bikmayev, 59 (3:2).

Foto: “Lokomotiv”