Toshkent viloyatining Chinoz tumanida mahalla raisiga nisbatan asossiz ravishda ish rasmiylashtirgan profilaktika inspektori yirik miqdorda jarimaga tortildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
72 yoshli Kalmon oqsoqol 35 yil maosh olmasdan, jamoatchilik asosida Toshkent viloyati Chinoz tumani “Yovvosh” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bo‘lib ishladi.
Bir safar “Chinoz” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi va uning muovini qishloq fuqarolar yig‘ini tarkibidagi “Yovvosh” mahallasi raisi Kalmon Ergashev ustidan shikoyat yozib berdi. Ularning shikoyatlariga ko‘ra go‘yoki Kalmon oqsoqol o‘zboshimchalik bilan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bo‘lib olgan, yig‘in muhri va shtampini qalbakilashtirgan. Bu bo‘yicha Chinoz tuman ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori K.Sh. (ism-familiya o‘zgartirilgan) tekshiruv olib bordi va kim haq, kim nohaq ekanini bilmay turib Kalmon Ergashevga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200-moddasi bilan hujjat rasmiylashtirdi va uni sudga oshirdi.
Kalmon bobo o‘zining haqligini isbotlash maqsadida saylov haqiqatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatni tuman hokimiyati arxividan topdi. Chinoz tumani saylov komissiyasi raisidan hujjat nusxasini oldi. Shundan so‘ng jinoyat ishlari bo‘yicha Chinoz tuman sudining qarori bilan ish qayta surishtiruvga berildi. Yangiyo‘l tuman prokuraturasining tekshiruvidan so‘ng Kalmon boboning haq ekani aniqlandi.
Kalmon bobo bu orada ruhan azob chekdi. Garchi uning haqligi isbotlangan bo‘lsa-da, unga nisbatan asossiz ma’muriy ish qo‘zg‘atilgani sababli javobgarlardan moddiy va ma’naviy zarar undirishni haqida sudga murojaat qildi. Undiruvni 21-sonli umumta’lim maktab fondiga o‘tkazishni so‘radi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanlararo sudida mazkur ish bo‘yicha ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Profilaktika inspektori haqiqatdan ham surishtiruv ishlarini to‘liq o‘tkazmay, shoshma-shosharlik bilan olib borgani aniqlandi. Toshkent viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tomonidan K.Sh.ga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgani, natijada profilaktika inspektori intizomiy jazoga tortilgani ma’lum bo‘ldi.
Ochiq sud majlisida javobgar aybiga to‘liq iqror bo‘ldi. Sudya D. Musayev hal qiluvchi qarorni o‘qidi. Qarorga ko‘ra, javobgar jabrlanuvchi foydasiga 1 million 200 ming so‘m moddiy zarar, 3 million so‘m ma’naviy zarar va 75 ming so‘m davlat boji undiriladigan bo‘ldi. Undiruv 21-sonli umumta’lim maktabi fondiga o‘tkazilishi belgilandi.
Izoh (0)