Apple gadjetlarining o‘rtacha ishlatilish muddati to‘rt yildan oshadi. Bu haqda, Asymco tahlilchisi Goratsiy Dedyening hisob-kitoblariga asoslanib, Business Insider ma’lum qildi.

Foto: AP

O‘z tahlilida Dedye Apple’ning ochiq ma’lumotlaridan foydalandi. U sotilgan gadjetlar umumiy sonidan (2,05 milliard) bugunga qadar ishlatilayotganlarining sonini (1,3 milliard) ayirib tashladi. Uning aniqlashicha, 750 million gadjet hozirda ishlatilmayapti.

Apple texnikasi umumiy xaridlari 2013-yil uchinchi choragida 750 million donaga yetganini inobatga olib, Dedye kompaniya gadjetlarining o‘rtacha ishlatilish muddati 4 yil 3 oy degan xulosaga keldi.

Business Insider’ga ko‘ra, bu ma’lumotlar foydalanuvchilar gadjetlarini bozor yangilanishiga nisbatan sekinroq almashtirishini namoyish etadi.