O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi estoniyalik mutaxassis Igor Chikinyov bilan 2,5 yillik shartnoma imzoladi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: MOQ

2017-yilning 4—12-dekabr kunlari tashkilot MOQ bilan hamkorlikda sportning ushbu turi murabbiylari uchun o‘quv-seminar tashkil etgan bo‘lib, Igor Chikinyov uni olib borgandi. O‘z vaqtida Sobiq Ittifoq, Shvetsiya, Estoniya kabi termalarni boshqargan Chikinyov o‘zbekistonliklarni ham qiziqtirib qolgan bo‘lib, u bilan muzokara boshlangandi. Endilikda u O‘zbekiston terma jamoasi sportchilarini Tokio—2020 Olimpiadasiga tayyorlaydigan bo‘ldi.

Yaratilgan sharoitlardan to‘g‘ri foydalanib, barchasini izga tushirib olishimiz kerak. Yurtingizda sportga juda katta mablag‘ berilmoqda. Mening maqsadim mahalliy sportchilar saviyasini ko‘tarish. Hozir bu yerdagi yoshlarning iqtidorli ekani xaqida ortiqcha gapirib o‘tirmayman. Shunisi aniqki, ularda salohiyat bor. Osiyoliklar tezkor va chidamli bo‘ladi.

Qit’ada kuchli termalar yetarli. Yaponiya va Janubiy Koreya asosiy favoritlar. Koreyaliklar dunyo miqyosida yetakchilardan biridir. Ular bu saviyaga birdaniga chiqib olmagan. Buning uchun 15—20 yil vaqt ketdi. Ular ham boshida xorijlik kuchli murabbiylarni taklif etgan, videoroliklardan keng foydalangan. O‘zbekistonda ham bunga imkoniyatlar yetarli. Bunga ishonmaganimda 2,5 yil O‘zbekistonda ishlashga rozi bo‘lmasdim.

Igor Chikinyov, mutaxassis

Ikki yil avval O‘zbekistonga kelgan Chikinyov MOQ anjumanlar zalida o‘tgan tanishtiruv marosimida mamlakatdagi o‘zgarishlar yaqqol sezilayotganini ham qo‘shimcha qilgan.

Foto: Google Images

O‘zbekistonda qilichbozlik bilan shug‘ullanish uchun juda yaxshi sharoit bor, ishonavering. Men so‘nggi besh yil Estoniyada ishladim. Bunday sharoit u yerda yo‘q. To‘g‘ri, estonlarda yaxshi maktab va an’analar mavjud, ammo sharoit bo‘yicha solishtirsak, O‘zbekistonda imkoniyat katta.

O‘zbekiston so‘nggi paytlarda har jabhada shiddat bilan rivojlanmoqda. Oddiy misol keltiraman. O‘tgan yilning dekabrida bu yerga kelganimda, aeroportda menga qandaydir tushunarsiz qog‘ozlarni to‘ldirishim kerakligini aytib, bir yarim soat vaqtimni olishdi. Bu juda yoqimsiz holat. Ikki oy o‘tib, yana keldim. Bilasizmi, Toshkent xalqaro aeroportida ortiqcha vaqt sarflab o‘tirmadim. “Yashil yo‘lakcha” orqali o‘tdim va ortiqcha qog‘ozbozliksiz tezda shaharga chiqdim. Bor-yo‘g‘I ikki oy ichida xalqaro standartlarga mos keladigan bu o‘zgarishning ro‘y bergani O‘zbekiston rivojlanish masalasida dadil qadamlar tashlayotganini ko‘rsatib turibdi.

Igor Chikinyov, mutaxassis

Foto: MOQ