2018-yilda o‘lchami 100 metrdan ortiq bo‘lgan asteroidlar Yerga juda katta xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan masofada yaqinlashadi. Bu haqda “Tabiiy ofatlarga qarshi kurashish” markaziga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Fotolia

“2018-yilda ushbu o‘lchamdagi asteroidlarning Yerga 34 marotaba xavfli yaqinlashishi kutilmoqda”, — deyiladi xabarda.

“Tabiiy ofatlarga qarshi kurashish” markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilda 730 dan ortiq asteroid Yerga 10 million kilometr masofa oralig‘ida yaqinlashgan. Ular orasida diametri 100 metrdan ortiq bo‘lgan asteroidlar Yerga salkam yuz marotaba yaqinlashgan.

Diametri bir kilometrdan ortiq bo‘lgan asteroidlar yirik kosmik obyektlar qatoriga kiradi. Yer sayyorasida 120 ta juda katta asteroid kraterlari mavjud. Olimlarning ta’kidlashicha, ayrim turdagi tirik organizmlarning ommaviy ravishda qirilib ketishiga asteroidning yerga qulashi sabab bo‘lgan (bundan salkam 250 million yil oldin). Luis Alvaresning gipotezasiga ko‘ra, yana bir meteoritning urilishi dinozavrlarni qirib yuborgan.